Kursantlarga yozuvchi va shoirlar tomonidan 100 dan ortiq badiiy kitoblar taqdim etildi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni akademiya boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov kirish so‘zi bilan ochib, o‘z nutqida davlatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, istiqlol yillarida mamlakatimizda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar hamda yosh avlodni vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Taniqli yozuvchi va shoirlar ishtirok etgan tadbirda mustaqillikning ilk kunlari bilan bog‘liq xotiralar va taassurotlar esga olindi.
Shuningdek, tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan, jumladan, O‘zbekistonda ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, ekologiya, qonun ustuvorligi, mahallalarni rivojlantirish va tashqi siyosatni qamrab oladigan 7 ta milliy dastur amalga oshirilayotgani alohida e’tirof etildi.

Uchrashuv davomida yozuvchi va shoirlar tomonidan akademiya axborot-resurs markazi fondiga 100 dan ortiq badiiy kitoblar tuhfa qilindi. Ushbu adabiyotlar kursant va tinglovchilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, dunyoqarashi hamda ma’naviy tafakkurini boyitishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
G.Boboyeva, O‘zA