Kurashning rivojida ilmiy asoslar muhim
O‘zbekiston kurash federatsiyasida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan Ilmiy kengash tuzish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Kurash usullari”, “Kurash texnikasi va o‘qitish metodikasi”, “Yangi o‘rganuvchilar uchun kurash”, “Kurash hamma uchun”, “Kurash usullarini o‘qitish metodikasi” nomli o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash va chop etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar davomida bugungi kunda mamlakatimizda kurash sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi yildan yilga ko‘payayotgani, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining hududlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazilishi natijasida mahoratli sportchilarni tayyorlash, tanlash, yo‘naltirish, zarur o‘quv-qo‘llanmalar, uslubiy adabiyotlarga ehtiyoj ortib borayotgani ta’kidlandi.

Sport sohasi olimlari kurashning ommaviyligini oshirish, uning texnik-taktik usullarini bilish qamrovini kengaytirish bo‘yicha yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf qilish yuzasidan takliflar bildirdi.
O‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlash mezonlarini ishlab chiqish, zamon talablariga mos ravishda tanlov e’lon qilish va eng yaxshi o‘quv-uslubiy qo‘llanma mualliflarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish taklifi ilgari surildi.
Yig‘ilishda Ilmiy kengash raisi, o‘rinbosari va a’zolari tarkibi saylab olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA