Kurash haftaligi qizg‘in bellashuvlarga boy bo‘ldi
Avval xabar berganimizdek, o‘tgan hafta davomida «Kurash haftaligi» musobaqalari hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi.
Haftalik doirasida yurtimizdagi va xorijiy davlatlarning ta’lim muassasalari talabalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan turnir bundan mustasno bo‘lmadi.
O‘zbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, talabalar o‘rtasidagi bellashuvlarda 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarining talaba-yoshlari qatnashdi. Unda yigitlar 73, 81, 90 kilogramm va mutlaq vaznlarda, qizlar esa 52, 63 va +70 kilogrammdan yuqori vaznda g‘oliblik uchun kurashdi.
Murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Bunyod Elmurodov, Javohir Saparov, Og‘abek Tirkashev, E’zoz Ravshanov, qizlardan Zarnigor Rahmiddinova, Malikaxon Qahhorova va Shahnoza Bozorova g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Haftalik doirasidagi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari o‘rtasidagi bahslarda Axror Farmonov, Qobil Ahmedov, Xumoyun Qarshiyev, Umar Bozorov, Jamshid Mamatrahimov, Shermuhammad Jandriyev hamda Nurbek To‘rayev o‘z vaznlarida g‘olib bo‘ldi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA