Kurash: Fransiyada o‘tadigan xalqaro turnirga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi
Joriy yilning 17–19-iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun an’anaviy xalqaro turnir o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Kurash federatsiyasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.
Unda xorijiy sport delegatsiyalarning ishtiroki, tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun o‘zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish, turnir doirasida milliy taomlar festivalini o‘tkazish, kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining ishtiroki borasidagi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida mas’ullarga aniq vazifalar yuklanib, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qilingan ishlar hisoboti tinglandi.
Eslatib o‘tamiz, Parij shahrida o‘tadigan xalqaro turnirda 30 ga yaqin davlatdan mahoratli sportchilar ishtirok etish uchun talabnomalarni taqdim etgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA