Kulolchilik – dunyo tan olgan san’at
Hunarmandlar gapdan ko‘ra ishni ma’qul biluvchi, o‘ziga, ham el-yurtga nafi tegayotgan, milliy an’ana va qadriyatlarimiz bardavomligini saqlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan insonlardir.
Mamlakatimizda milliy hunarmandlikning barcha turlarini asrab-avaylash, uni rivojlantirish yo‘lidagi ezgu harakatlar eng murakkab sharoitda ham usta va hunarmandlar faoliyatini saqlab qolish imkonini berdi. Bu jihatlar milliy hunarmandlikning barcha yo‘nalishlari kabi kulolchilik sohasida ham o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Dunyo kulolchiligida O‘zbekiston keramika san’ati g‘oyat o‘ziga xos va betakror o‘ringa ega, desak yanglishmaymiz. Fikrimcha, bu betakrorlik qo‘ligul ustalarimizning kulolchilikni yuksak san’at darajasiga olib chiqa bilganida namoyon bo‘ladi.
E’tiborga molik jihati, mamlakatimiz har bir hududining biri boshqasini takrorlamaydigan kulolchilik maktablari, an’analari bor. San’atshunoslarga ko‘ra, XX asrdan hozirgi O‘zbekiston hududlarida asosiy maktablar va markazlar tashkil topdi. Toshkent, Samarqand, Urgut, Buxoro, G‘ijduvon, Shahrisabz, Kitob, Kattako‘rg‘on, Denov markazlari mujassamligidagi Samarqand-Buxoro maktabi, Rishton va G‘urumsaroy markazlarini o‘zida ifoda etgan Farg‘ona maktabi, Xonqa, Modir qishlog‘i, Kattabog‘, Chimboy markazlarini o‘zida jamlagan Xorazm maktabidir. Har bir markaz o‘ziga xos mahalliy xususiyatlarini saqlagani, bunda hech bir kulolchilik maktabi boshqasini takrorlamasligi ahamiyatga molik.
Masalan, Rishton kulochiligida sabza, zumrad, mo‘’tadil yashil ranglar, o‘ta nafis naqshlar ustuvor bo‘lsa, G‘urumsaroy kulolchiligida naqshlarning ancha yirikligi, sarg‘imtir, jigarrang, olovranglar ustuvorligini ko‘rish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Rishtonda 20 dan ortiq katta hunarmand shuningdek, ularning 7 mingga yaqin o‘quvchisi yashab, mehnat qilmoqda. Usta va hunarmandlarning har biri 30 dan 50 oilani ish bilan ta’minlaydi – mahalliy aholi uy-ro‘zg‘or buyumlaridan tortib badiiy kulolchilik namunalarigacha bo‘lgan tayyor mahsulotlarni uyda bo‘yash bilan shug‘ullanadi. Shunday qilib, rishtonlik kulollarning o‘ziga xos an’ana va ko‘nikmalariga asoslangan holda aholining keng qatlamlari yirik kapital qo‘yilmalarisiz ish o‘rinlari va barqaror daromad bilan ta’minlanmoqda.
Kulolchilikni nainki kasb, balki hayot tarzi, umr mazmuniga aylantirgan usta va hunarmandlarning ijod namunalari hatto chet elliklar tomonidan ham yuksak e’tirof etilgan. Rishtonlik Alisher Nazirov, toshkentlik Akbar Rahimov, g‘ijduvonlik Alisher Narzullayev, Urgut maktabining sakkizinchi avlod davomchisi No‘’mon Obloqulov kabi ustalari ijodi nainki uy-ro‘zg‘orni, balki dunyodagi bir qator muzeylarni ham bezab turibdi.
Aytish joizki, usta kulollarimiz har yili Prezident sovrini uchun o‘tkaziladigan "Tashabbus" respublika ko‘rik-tanlovida muvaffaqiyatli qatnashib keladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2021 yilning 23 avgustida qabul qilingan "Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori kulolchilik an’analarini asrab-avaylash, tiklash va rivojlantirish, xalqaro darajada keng targ‘ib qilish, kulolchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va uning eksportini oshirish, usta kulol hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda yangi ufqlarni ochishi tayin.
Nazokat Usmonova, O‘zA