Kulolchilik buyumlari ko‘rgazmasi
Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida g‘urumsaroylik usta-kulol Vahobjon Buvayevning “Moviy afsona”nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmadan ustaning 200 dan ortiq kulolchilik buyumlari o‘rin olgan. Shuningdek, ustaning shogirdlari – B.Hakimov, A.Valijonov, Sh.Qodirov, B.Oripov, X.Umarov, Q.Yusufjonovlarning buyumlari ham ko‘rgazma ekspozitsiyasida joylangan.
Vahobjon Buvayev 1969 yilda G‘urumsaroyda tavallud topgan. U G‘urumsaroy kulolchiligi sirlarini taniqli, mohir usta Maxsudali Turopovdan o‘rgangan. V.Buvayev G‘urumsaroy maktabining so‘nib borayotgan an’analarini qayta tiklash yo‘lida izlanishlar olib bormoqda. Usta hunarmandchilik sirlarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lib, an’anaviy usullarda ijod qilmoqda. Shakllarning uyg‘unligini va naqshli-tasviriy bezaklarni saqlab qolmoqda.
Buyumlar koloritida Buvayev oq fonda ko‘kish yashil rangni qo‘llaydi. Ishlarini bezashda usta ana’anaga muvofiq “chorbarg”, “butsimon bezak”, “xo‘roz toji” kabi motivlarning turli ko‘rinishlari, ko‘pqirrali yulduzsimon shakllardan foydalanadi.
V.Buvayev yasagan buyumlarda G‘urumsaroy kulolchiligiga xos mahobatlilik, uslubiy arxaiklik, o‘simliksimon motivlarning yorqinligi saqlanadi. Shu bilan birga, aytish lozimki, usta o‘z ijodida moviy rang yetakchiligiga intilish seziladi. Rang yechimi yaxlitligi, uyg‘unliligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA