Kuchli iroda, qat’iyat va matonat marafoni
Urganch shahrida “Inson uchun” shiori ostida ommaviy inklyuziv yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
“Sport – hammamiz uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan marafon nafaqat sport musobaqasi, balki kuchli iroda, qat’iyat va matonat namoyishi bo‘ldi.



Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan Xorazm viloyati hokimligi va viloyat sport boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 200 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda agentlik tizimi faoliyat yuritayotgan xodimlari faol ishtirok etdi.
Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan marafon ishtirokchilarga zavqu shavq barobarida yorqin hayotga bo‘lgan umidni ham baxsh etdi.



Tadbir davomida qatnashchilar bir-birlarini samimiy tilaklar bilan ruhiy qo‘llab-quvvatladi.
Marafon yakunida g‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Mazkur xayrli tashabbus turli qatlam vakillarini birlashtirib, jamiyatda mehr-oqibat, birdamlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.



Ahmadjon Shokirov, O‘zA