Kubok qashqadaryolik yoshlarda
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining boshlang‘ich tashkiloti a’zolari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha “Kamolot” kubogi turnirining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining boshlang‘ich tashkiloti a’zolari o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha “Kamolot” kubogi turnirining respublika bosqichi o‘tkazildi.“Kamolot” YoIH tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, O‘zbekiston mini-futbol assotsiatsiyasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada hududlararo mintaqaviy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan to‘rtta jamoa ishtirok etdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F.Muhammadjonova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iste’dodini namoyon etishi uchun barcha shart-sharoit yaratilayotganini ta’kidladi.
2014-yilda turnirning tuman, shahar bosqichlarida 1624 jamoa ishtirok etgan bo‘lsa, joriy yilda 2138 korxona, tashkilot va muassasaning 21380 nafar boshlang‘ich tashkilot a’zolari bahslashdi. Bu musobaqaga qiziqish yildan-yilga oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Musobaqaning final uchrashuvi Xorazm viloyatining “Urganchtransgaz” sho‘ba korxonasi va Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani “Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Qizg‘in va murosasiz o‘tgan uchrashuvda “Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi” unitar korxonasi jamoasi 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, “Kamolot” kubogini qo‘lga kiritdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan uchrashuvda Toshkent viloyatining “Ohangaronsement” aksiyadorlik jamiyati vakillari Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani “Suvoqova” sho‘ba korxonasi jamoasini 4:3 hisobida yengdi.