Kubanichbek Omuraliyev: TDT turkiy dunyoning iqtisodiy integratsiyasini mustahkamlamoqda
Bugungi global geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, xalqaro savdo yo‘nalishlarining qayta shakllanishi, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash zarurati mintaqaviy integratsiya jarayonlariga yangicha mazmun bag‘ishlamoqda. Ana shunday sharoitda Yevroosiyoning strategik chorrahasida joylashgan Turk davlatlari tashkiloti (TDT) o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatni birlashtirish va xalqaro transport yo‘laklarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyevning ta’kidlashicha, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi keng geografik makonda joylashgan turkiy dunyo qariyb 180 million aholini qamrab oladi. Umumiy tarix, til va madaniy yaqinlikka asoslangan munosabatlar bugun savdo, transport, investitsiya, ta’lim va texnologiyalar sohalaridagi amaliy hamkorlik bilan yanada mustahkamlanmoqda.
– Bizning zimmamizdagi mas’uliyat – tarixiy yaqinligimiz va ma’naviy rishtalarimizni XXI asr voqeligi hamda muammolariga javob beradigan imkoniyatlar, o‘zaro bog‘liqlik va hamkorlikka aylantirishdan iborat, – deya ta’kidladi u OAVga bergan intervyusida.
Uning fikricha, 2009-yilda tashkil etilgan TDT o‘tgan davr mobaynida asosan siyosiy muloqot va madaniy yaqinlikka tayangan tuzilmadan aniq natijalarga yo‘naltirilgan ko‘p qirrali hamkorlik mexanizmiga aylandi. Bu jarayonda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, mintaqalararo transport bog‘liqligini kengaytirish va davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashuvni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bosh kotibning qayd etishicha, turkiy dunyoning xalqaro maydondagi ahamiyati nafaqat umumiy tarixiy meros, balki ulkan iqtisodiy va strategik salohiyat bilan ham belgilanadi. 2025-yil yakuni bo‘yicha e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning jami yalpi ichki mahsuloti 2,4 trillion AQSH dollaridan oshgan. Ularning umumiy tashqi savdo aylanmasi esa qariyb 1,27 trillion dollarga yetgan. Bu raqamlar turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyani yanada chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
K.Omuraliyev qayd etishicha, global energetika tizimi jadal o‘zgarayotgan va energiyaga talab ortib borayotgan bir sharoitda birgalikda harakat qilish tanlov emas, balki zaruratga aylanmoqda. Shu bois, TDTning so‘nggi sammitlarida energetika xavfsizligini ta’minlash, yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va energetika infratuzilmalarini o‘zaro bog‘lash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
– Turkiy davlatlar Janubiy gaz yo‘lagi, Markaziy Osiyo – Ozarbayjon yashil energiya yo‘lagi, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasi va Qora dengiz tubidan o‘tkaziladigan suvosti elektr kabeli kabi yirik infratuzilma loyihalari orqali mintaqaviy va xalqaro energetik bog‘liqlikni mustahkamlamoqda, – dedi Bosh kotib.
Ushbu tashabbuslar energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish hamda turkiy davlatlarning xalqaro energetika bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
TDT rasmiysi aytishicha, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” strategik hujjati tuzilmaning uzoq muddatli taraqqiyot yo‘nalishlarida alohida ahamiyatga ega. Mazkur strategiya iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya aloqalarini yaxshilash, institutsional hamkorlikni mustahkamlash, ilm-fanga asoslangan sanoat tarmoqlariga investitsiya kiritish hamda barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishni nazarda tutadi.
Ekspertlar 2030-yilga borib O‘rta koridor orqali tashiladigan yuklar hajmi 11 million tonnaga yetishini taxmin qilmoqda. Shuningdek, yillik yuk tashish quvvati 15 million tonnagacha yetishi kutilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li mintaqaviy transport aloqalarini mustahkamlash va Yevroosiyo bo‘ylab savdo imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
– Zamonaviy transport yo‘lagi temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari va portlardan ko‘ra kengroq tushunchadir. Yuklar chegaralardan samarali o‘tishi, ma’lumotlar va hujjatlar ham ular bilan birga harakatlanishi kerak. TDT infratuzilmani bojxona va raqamli yechimlar bilan to‘ldirmoqda, – deya ta’kidlaydi Kubanichbek Omuraliyev.
Uning aytishicha, turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy kuchi xalqlarning tarixiy va madaniy mushtarakligi bilan birga, umumiy maqsadlar yo‘lida birgalikda harakat qilish imkoniyatidadir.
– Biz birgalikda yanada kuchlimiz, degan ibora bugun faqat birdamligimizni ifodalovchi shior emas, balki amaliy hamkorligimizga yo‘nalish beruvchi asosiy tamoyildir, – dedi K.Omuraliyev.
Darhaqiqat, turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi iqtisodiy manfaatlar mushtarakligi, transport yo‘laklarining o‘zaro bog‘liqligi, energetika xavfsizligi va strategik loyihalarni birgalikda amalga oshirishga asoslanmoqda. Bu jarayonda O‘zbekistonning faol ishtiroki mamlakatimizning mintaqaviy savdo, investitsiya va logistika tizimidagi mavqeini yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA