Kreml: Tramp hissiyotga berilib ketdi
Ukrainaga qaratilgan eng yirik havo hujumidan keyin Vladimir Putinni keskin tanqid qilib, hatto anchayin qo‘pol ta’riflagan AQSH Prezidentiga Moskva javob berdi. Bu haqda BBC yozgan.
Tramp izohi Rossiya Ukrainaga 367 dron va raketa yordamida zarba berishi natijasida 13 kishi halok bo‘lgandan so‘ng yangradi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov hodisaga munosabat bildirayotganda Amerika yetakchisi ortiqcha hissiyotga berilib ketganini bildirdi.
Oldinroq Germaniya Kansleri Fridrix Mers Ukrainaning ittifoqchilari qurol-yaroq ajratish bilan bog‘liq barcha cheklovlar olib tashlangani, Kiyevga “Taurus” raketalari yetkazilishi haqida xabar bergandi.
Yakshanba oqshomidan dushanba kuni ertalabgacha Rossiya Ukrainaga qarshi 355 dron uchirdi. Natijada 10 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Ukraina harbiy-havo kuchlari bu hodisani faqat uchuvchisiz uchoqlar yordamida amalga oshirilgan eng yirik hujum sifatida baholadi.
Peskov aytishicha, so‘nggi havo hujumlari RF ijtimoiy infratuzilmasiga berilgan zarbalarga javobdir.
Musulmon Ziyo, O‘zA