Ko‘z tegmasin senga, Qoraqalpog‘im!
O‘zbek xalqi qoraqalpoqlar bilan azal-azaldan do‘st-birodar, tug‘ishganday og‘a-ini, quda-qudag‘ay bo‘lib kelgan.
Qolaversa, ikki xalqning orzu intilishlari, quvonchu tashvishlari, qadriyatlari bitta ma’naviy sarchashmalardan suv ichgan. Ko‘ngli bir, dini bir, dilidagi xudosi bir. Qo‘sh daraxtning muazzam shoxlaridek taqdiri, kelajagi, yo‘llari birlashib, chirmashib ketgan.
Qoraqalpoq ham, o‘zbek ham o‘tmishda boshiga tushgan ko‘rgilik, zulmu zavollarga qarshi birgalashib kurashgan, mustaqillik, ozodlik uchun qon kechgan, achchiq-chuchukni birga totgan. Mustaqillik tufayli buyuk karvonning, ertangi istiqbol, taraqqiyotning bitta yo‘lida, nimaiki baxt, sharaf, saodat topayotgan bo‘lsa ikkala xalqning xohish-irodasi, birdamligi bilan ro‘yobga chiqmoqda. Qoraqalpoq adabiyoti – o‘zbek adabiyotining ganjinasi, milliy iftixori. Qoraqalpoq elining ulug‘ yozuvchilari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kenisboy Karimov, taniqli, peshqadam shoiralar Guliston Matyoqubova, Muhabbatxon, Baxtiyorjonlar bilan tez-tez gurunglashamiz.
Bir-birimizga cheksiz muhabbatimiz, oqibatimiz tufayli yangi asarlarimizni tarjima qilib, xalqlarimizga ilinamiz. Ko‘rishmasak, ovozimizni eshitmasak sog‘inib qolamiz. Ellikqal’ada bo‘ladigan Adabiyot bayramlari bizga ilhom va kuch bag‘ishlaydi.
Qoraqalpog‘istonlik senatorlarimiz Oral Aminovna, Farhod O‘rozboyevich, Abatbay Saparbayevichlar bilan ikki xalqning o‘y-fikrlari, qiziqishlari, muammolari yuzasidan bahslashib, muvaffaqiyatlaridan quvonib, g‘ururlanamiz. Axir o‘tgan juda qisqa davrda Qoraqalpog‘istonda chorak asrlarga tatiydigan buyuk, inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Har bir qishloqning arxitektura qiyofasi, ko‘rku tarovati o‘zgardi.
Ikki xalqni birlashtiradigan, qudratli qiladigan do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlandi. Shuning uchunmi Konstitutsiyamizga o‘zgartishlar munosabati bilan kelib chiqqan anglashilmovchiliklar, namoyishlar, qarshiliklar bizni hayron qoldirdi. Ko‘zimizdan uyqu qochdi. Ildizlari, tarixiy rishtalari bir, hamfikr, hamdo‘st xalqning orasiga sovuqchilik tushirish, do‘stligiga raxna solish, yo‘liga g‘ov qo‘yish kimga kerak bo‘ldi?
Albatta, bunday tagi puch, ig‘vogarona g‘oyalar qadimiy do‘stlik, qardoshligimizga soya sololmaydi. Bunday makkorona rejalar ikki xalqning irodasini sindirolmaydi. Bugun dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun turli siyosiy fitnalar, urushlar, o‘yinlar girdobida turgan bir murakkab, ziddiyatli paytda yanada hushyor, ogoh bo‘lishimiz, vatanimiz mustaqilligi, ozodligini qo‘riqlashga hamisha tayyor turishimiz zarurligini bo‘layotgan voqeliklarning o‘zi isbotlab turibdi. Ularning asosiy maqsadi, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish, O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga putur yetkazishdan iboratdir.
Bosh prokuraturaning Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan ommaviy tartibsizliklar oqibatlari haqidagi ma’lumotini eshitib, qalbimiz junbushga keldi. Fitnachilarning asl yuzi ochilmoqda. Ishonchimiz komilki, mard, jasur, donishmand qoraqalpoq xalqi turli ig‘vo, bo‘htonlarga, bizning do‘stligimiz, tinchligimizga ko‘z tikkan buzg‘unchilarning qora, razil niyatlari mohiyatini chuqur anglab yetdi.
Prezidentimiz voqea joyiga borib, xalq bilan, faollar bilan uchrashdi. “Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa birorta modda o‘zgarmaydi!”. Vatanimizning tinchligi, ulug‘ yo‘lga chiqqan yangi O‘zbekistonning kelajagi, obro‘-e’tibori uchun shunday oqilona, ezgu qaror qabul qildilar. Bu o‘zbek xalqining bag‘rikengligi, do‘stu birodarining qadru qimmatini o‘zidan ustun qo‘yishi, donishmand yo‘lboshchisining adolatparvarligi, xalqparvarligi kelajak uchun tanlangan odilona yo‘ldir. Ikki ulug‘ xalqning do‘stligi, mehr rishtalari o‘la o‘lgunchadir va unga hech kim nifoq sololmaydi.
Enaxon Siddiqova,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
O‘zbekiston xalq shoiri