Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yanada oshadi
Xorazm viloyati hokimligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zsanoatqurilishbank hamda "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi hamkorligida “KHOREZM INSULATION GROUP” THERMO PLUS korxonasiga jurnalist, blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Urganch shahridagi sanoat zonasida joylashgan, loyiha qiymati 41 million yevro bo‘lgan ushbu korxonada yiliga 30 ming tonna bazalt mineral plitalari ishlab chiqariladi. 300 nafar xodim ish bilan ta’minlanib, yiliga 10 million AQSH dollari hajmidagi mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. Bazalt tolali plitalar bino ichida mo‘’tadil haroratni hosil qilishi, tashqi ta’sirlarga va yong‘inga chidamliligi, ekologik toza mahsulotligi bilan qator afzalliklarga ega.
– Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlariga materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish kerak, – deydi “KHOREZM INSULATION GROUP” THERMO PLUS korxonasi rahbari Farrux Murtozayev. – Bunda samarali bazalt plitalaridan foydalanish talab etiladi. 2021 yilda loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan bo‘lsa, 2024 yilning fevral oyi oxirida Prezidentimiz tashrifidan so‘ng korxonani ishga tushirdik.
Press-sayohat davomida OAV vakillari korxona faoliyati va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi. Ular uchun maxsus taqdimotlar ham o‘tkazildi.
[gallery-18106]
– Korxonaning aynan Xorazm viloyatida tashkil etilishining asosiy sababi mahalliy aholiga bo‘sh ish o‘rni yaratish va viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirishdir, – deydi "O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov. – Ishlab chiqarish uchun bazalt xomashyosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olinishi bunga qo‘shimcha qulaylik yaratadi. Germaniya, Turkiya va Rossiya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada hozirda mahalliy aholi uchun 200 ta yangi ish o‘rni tashkil qilingan. Xodimlar malakasini oshirish uchun chet ellik mutaxassislar tomonidan o‘quv treninglari ham tashkil etilgan.
Bazalt plitalari o‘ziga xos texnik xususiyatga ega bo‘lib, analogik mahsulotlardan tubdan farq qiladi. Asosiy afzalliklari bu uning yuqori issiqlik saqlash xususiyati va uzoq yillar davomida o‘z tarkib hamda xususiyatini yo‘qotmasligidir.
So‘nggi yillarda butun dunyo bo‘ylab barcha sohalarda elektr energiyasini tejash vazifasi ilgari surilmoqda. Shu bois bazalt mahsulotlariga talab kundan kunga ortib bormoqda. Muhimi mahsulotga ichki va tashqi bozorda talab katta. Tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatimizda bazalt issiqlik izolyatsiyasi ishlab chiqarish quvvati 170 ming tonnani tashkil etayotgan bo‘lsa, yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatgich yana 100 ming tonnaga ortishi va qariyb 300 ming tonnaga yetishi kutilmoqda.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(Surat) O‘zA muxbirlari