Korxonalarida xavf-xatarlarni tahlil qilish va tanqidiy nazorat nuqtalari tizimini joriy etish talablari muhokama etildi
HACCP – oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash uchun butun dunyoda tan olingan xalqaro tizim
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov Xalqaro savdo markazi (ITC)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha rahbari Yelena Butrimova bilan uchrashdi.
Muloqotda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi tizimini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish va ularning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «Ready4Trade Central Asia» loyihasi imkoniyatlaridan foydalangan holda eksportga yo‘naltirilgan oziq-ovqat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Xususan, korxonalarda HACCP va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini boshqarishning xalqaro tizimlarini joriy etish, xalqaro standartlarga muvofiqlikni oshirish va eksport bozorlariga chiqish salohiyatini kuchaytirish muhim yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Uchrashuvda raqamlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning fitosanitariya sohasida IPPC ePhyto Solution xalqaro tizimi orqali elektron fitosanitar sertifikatlar almashuvi bo‘yicha tajribasi qayd etildi. Ushbu yondashuvlarni oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya va sanitariya sohalarida ham rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, oziq-ovqat biznesi va soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirlarini rivojlantirish, oziq-ovqat zanjiridagi xavflarni baholash bo‘yicha xalqaro tajribani joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, oziq-ovqat xavfsizligi tizimini modernizatsiya qilish ichki bozorda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligi va ularga bo‘lgan ishonchni oshirish, eksport geografiyasini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
M.Qosimova, O‘zA