Korxonalarda karantin qoidalariga qanday amal qilinmoqda?
Biroq bugungi vaziyat “Oʻzbekneftgaz” AJga katta masʼuliyat yuklaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan respublika iqtisodiyot tarmoqlari va aholisiga yoqilgʻi-energetika mahsulotlarini barqaror yetkazib berish maqsadida neft-gaz tarmogʻida ishlab chiqarish uzluksiz amalga oshirilmoqda.
Biroq bugungi vaziyat “Oʻzbekneftgaz” AJga katta masʼuliyat yuklaydi. Shu bois, aksiyadorlik jamiyat boshqaruvi raisi buyrugʻiga asosan tizimdagi korxona va boshqarmalarda koronavirus pandemiyasining neft va gaz sohasiga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida masʼul xodimlardan iborat shtabning kechayu-kunduz navbatchiligi tashkil etilgan.
Xususan, barcha obyektlarning maʼmuriy binosi va ishlab chiqarish obyektlariga kirib chiqayotgan xodimlar antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya qilinishi yoʻlga qoʻyilgan. Har birning tana harorati oʻlchanib, faqat tibbiy niqob bilan kiritish tartibi joriy etilgan. Barcha xodimlar korxona va boshqarmalar hisobidan himoya niqoblari bilan taʼminlanmoqda.
Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining talabnomasiga asosan koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs bilan muloqotda boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida zudlik bilan maʼlumot berish kerakligi yuzasidan xodimlar oʻrtasida doimiy ravishda tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Korxona va boshqarmalarda har bir obyekt dezinfeksiya qilish apparati bilan taʼminlagan boʻlib, obyektlar binolarining barcha xonalari ish boshlanishidan oldin va ish tugaganidan soʻng, bir kunda ikki marta dezinfeksiya qilinishi yoʻlga qoʻyilgan.
Ayni chogʻda “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarma, tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan jami xodimlar 44 ming 323 nafarni tashkil etadi. Shundan masofadan ishlayotganlar 548 nafar (1,2 foiz) va mehnat taʼtiliga chiqqanlar 7 ming 241 nafardir (16,3 foiz).
Korxona va boshqarmalar xodimlarning vaxta almashinishida ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida, avtobuslarning kunlik dezinfeksiya qilish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Maʼlumot oʻrnida, shu yilning 25 - 29-may kunlarida tizimdagi barcha korxona va tashkilotlarning maʼmuriy bino va ishlab chiqarish obyektlari 8 635 dona antiseptik vosita, 65 032 dona tibbiy niqob, 31 883 juft tibbiy qoʻlqop, 4 344 dona xoʻjalik sovun, 438 dona dezinfeksiya vositasi bilan taʼminlangan.
Oʻtgan davr mobaynida tizim tashkilotlari ishchi-xodimlari orasida koronavirus yuqtirgan yoki karantinga olinganlar aniqlanmadi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.