Avtomobillar uchun qirqdan ortiq turdagi butlovchi qismlar tayyorlanmoqda
Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “O’zErae Climate Control” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida avtomobillar uchun sovutish radiatorlari, isitish, ventilatsiyalash va havoni konditsionerlash modullari ishlab chiqarilmoqda.
Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “O’zErae Climate Control” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasida avtomobillar uchun sovutish radiatorlari, isitish, ventilatsiyalash va havoni konditsionerlash modullari ishlab chiqarilmoqda.Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida yurtimizda avtomobilsozlik sanoatiga asos solindi va u jadal rivojlandi. Avtomobillar uchun butlovchi qismlar yetkazib beruvchi ko‘plab hududiy korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda avtomobillarning butlovchi va ehtiyot qismlari asosan mamlakatimizda mahalliy korxonalar tomonidan tayyorlanmoqda.
Andijon viloyatida avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan turli mulkchilik shaklidagi 30 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro talab va me’yorlarga javob berishi, yuqori sifati bilan tobora xaridorgir bo‘lib bormoqda.
2010-yilda tashkil etilgan “O’zErae Climate Control” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasiga ip-gazlama kombinatining bo‘yoqlash va pardozlash fabrikasi binolari nol qiymatda berildi. Bino rekonstruksiya qilinib, “Asakabank”ning viloyat bo‘limidan olingan 22,5 million dollar miqdoridagi kredit hisobidan Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy, moslashuvchan va yuqori texnologik mashina va jihozlar keltirib o‘rnatildi. Avtomobillarning sovutish radiatorlari, isitish, ventilatsiyalash va havoni konditsionerlash modullari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada dastlabki yillarda faqat “Spark” avtomobili uchun 5 turdagi mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, keyingi yillarda mahalliylashtirish dasturi asosida “GM Uzbekiston” AJda chiqarilayotgan boshqa rusumdagi avtomobillar uchun ham mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Natijada ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turi ortdi. Ayni paytda bu yerda “Spark", “Matiz”, “Damas”, “Nexia”, “Aveo”, "Lacetti”, “Cobalt” avtomobillarining sovutish, isitish, ventilatsiyalash va havoni konditsionerlash tizimlari uchun 40 dan ortiq turdagi butlovchi qismlar tayyorlanmoqda.
– 2016-yilda 21 milliard 705 million so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi qo‘shma korxona bosh direktori Nodirjon Ahmedov. – Mahsulotlarimizga talab xorijda ham tobora ortmoqda. Shu bois 2016-yilning iyul oyidan hamkorlik kelishuviga asosan Rossiyada ishlab chiqarilayotgan “UAZ Patriot” avtomobili uchun isitish radiatorlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. O‘tgan shu qisqa davrda 15 ming 300 dona isitish radiatori tayyorlanib, Rossiyaga eksport qilindi.
Xalqaro ISO 9001 va ISO/TS 16949 standartlari talabiga javob beruvchi sifat menejmenti tizimi joriy etilgan korxonada eksport hajmini oshirish, xorijiy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxonada mehnat qilayotgan 200 ga yaqin ishchi-xodimning aksariyati kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislardir. Ularning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Korxona tashkil etilganidan buyon ishlayman, – deydi ishlab chiqarish bo‘limi ishchisi Alisher Alixo‘jayev. – Ishchilar maxsus ish kiyimlari bilan ta’minlangan, bepul tushlik, barcha qulayliklarga ega dam olish hamda tibbiyot xonalari tashkil etilgan. Shunday zamonaviy korxonada mehnat qilayotganimdan faxrlanaman.
Erishilayotgan muvaffaqiyatlarda mehnatni tashkil etishda ilg‘or ish uslublarini qo‘llash, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish, ishchi-xizmatchilarni munosib rag‘batlantirish muhim omil bo‘lmoqda.