Korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hududiy o‘quv seminarlari yakunlandi
O‘zbekistonning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) vakillari uchun korrupsiyaning oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, «Transparency International Latvia» hamda Latviya Respublikasi Markaziy moliya va shartnomalar agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish – korrupsiyaning inklyuziv tarzda oldini olish» loyihasi doirasida tashkil etilgan seminarlarni o‘tkazishda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari ko‘maklashdi.
Tadbirlarda «Transparency International Latvia» vakili Arturs Bikovs, «Transparency International Kyrgyzstan» vakili Aygul Akmatjonova hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professorlari Foziljon Otaxonov va Xurshida Abzalova ekspert hamda trener sifatida ishtirok etdi.
O‘quv dasturi nazariy ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarni qamrab olgan to‘rtta sessiyadan tashkil topdi. Birinchi sessiyada NNTlarning korrupsiyaning oldini olishdagi imkoniyatlari, jamoatchilik nazorati va ekspertizasi, qarorlar loyihalarini muhokama qilishdagi ishtiroki, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini oshirishdagi o‘rni muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov NNTlarning huquqiy va amaliy imkoniyatlarini yoritib berdi. Uning ta’kidlashicha, NNTlar davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishi, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashishi, davlat xizmatlari va ochiq ma’lumotlar ustidan jamoatchilik monitoringini olib borishi hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritishi mumkin.
Ikkinchi sessiya jamoatchilik monitoringini tashkil etish va ochiq manbalardagi ma’lumotlar asosida xulosalar chiqarishga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar davlat xaridlari, shartnomalar, grantlar, subsidiyalar va davlat xizmatlari bilan bog‘liq jarayonlarda korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, ma’lumotlarni taqqoslash va tekshirish usullarini o‘rgandi. Amaliy mashg‘ulotlarda raqobatni sun’iy cheklash, texnik talablarni muayyan ishtirokchiga moslashtirish, manfaatlar to‘qnashuvi, xaridlarni mayda lotlarga ajratish va shartnoma shartlarini asossiz o‘zgartirish kabi holatlar tahlil qilindi.

Uchinchi sessiyada korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar, BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Istanbul harakatlar rejasi doirasidagi monitoring jarayonlarida NNTlarning ishtiroki ko‘rib chiqildi. Xalqaro tajriba asosida muqobil ma’ruzalar tayyorlash, milliy amaliyotni xalqaro standartlar bilan taqqoslash va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.
To‘rtinchi sessiya normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishda jamoatchilikning ishtirokiga bag‘ishlandi. F.Otaxonov milliy qonunchilik va NNTlarning bu boradagi imkoniyatlarini tushuntirib, huquqiy normalardagi noaniqliklar, mansabdor shaxslarning haddan tashqari keng vakolatlari, manfaatlar to‘qnashuvi va ma’muriy tartib-taomillardagi kamchiliklar korrupsiyaviy xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etdi.
Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar muammolarni aniqlash, ma’lumotlarni tahlil qilish, xulosalarni dalillar bilan asoslash va mas’ul tashkilotlarga takliflar kiritish bo‘yicha mashqlar bajardi. Jamoatchilik nazorati orqali aniqlangan muammolarni bartaraf etishga qaratilgan yechimlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor berildi.
Seminarlar 14 hududdagi NNT vakillariga xalqaro tajriba almashish, kasbiy salohiyatini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash imkonini berdi. Tadbirlar davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini ilgari surishga xizmat qildi.
N.Abduraimova, O‘zA