Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchaning vazifasi
Xorazm viloyati bojxona boshqarmasida Korrupsiyaning oldini olish, uning salbiy oqibatlarini tushuntirish hamda xodimlarning huquqiy ongi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan profilaktik uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi tergov sudyasi, viloyat prokuraturasi mas’ullari hamda bojxona faxriylari ishtirok etgan uchrashuvda so‘zga chiqqanlar korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchga hamda fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga salbiy ta’siri haqida gapirdi.

Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari, ularning oldini olish choralari, mansab vakolatlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishning huquqiy oqibatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga korrupsiyaviy holatlarga duch kelganda qanday yo‘l tutish, qonunbuzilishlar haqida o‘z vaqtida xabar berishning ahamiyati, xizmat vazifalarini bajarishda halollik va xolislik tamoyillariga rioya qilish zarurligi yuzasidan tavsiyalar berildi.
Tadbirda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oqibatlari hayotiy misollar asosida tushuntirilib, qonun talablariga rioya qilmaslik nafaqat xizmat faoliyatiga, balki shaxsning huquqiy va ijtimoiy holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida mavzuga oid videorolik namoyish etilib, unda Korrupsiyaning inson hayoti va jamiyatga salbiy ta’siri, shuningdek, bunday huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik choralari haqida ma’lumotlar berildi.

Uchrashuv davomida Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi tergov sudyasi Xursand Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi “Odil sudlov – 2030” hamda “Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari mazmun-mohiyati yuzasidan ma’ruza qildi.
Tadbir ishtirokchilariga mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, qonunchilik talablariga rioya etish va xizmat faoliyatida yuksak huquqiy madaniyatni namoyon qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri