Korrupsiyadan qachon qutulamiz?
Jahonda korrupsiyaga qarshi kurashning umumeʼtirof etilgan, xalqaro tajribalarda sinalgan usullarini qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jahonda korrupsiyaga qarshi kurashning umumeʼtirof etilgan, xalqaro tajribalarda sinalgan usullarini qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday usullardan biri ISO 37001:2016 –poraxoʻrlikka qarshi boshqaruv tizimidir.
ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi korrupsiya bilan bogʻliq xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ushbu standart tashkilotlarga poraxoʻrlikka qarshi tadbirlarni tashkil etish, amalga oshirish, qoʻllab-quvvatlash va kuchaytirishga yordam beradi.
Ushbu standart 2016-yilda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan eʼlon qilingan. Standart korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi (ABMS)ni joriy etish, boshqarish, qoʻllab-quvvatlash va doimiy ravishda takomillashtirishga qaratilgan talablarni belgilaydi. Tashkilot ushbu standart talablariga rioya qilish uchun tegishli harakatlar va yondashuvlarni amalga oshirish toʻgʻrisida koʻrsatma beradi.
ISO 37001 standarti davlat, xususiy va notijorat sohalarda, mansabdor shaxslar va tashkilotlarning noqonuniy manfaatlarini koʻzlaydigan xatti-harakatlar, pora oldi-berdisi va unga vositachilik qilish singari salbiy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu sertifikatni qoʻlga kiritish uchun korxona yoki tashkilotdan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat oʻrnatish, rahbar va mutasaddilarning korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimidagi javobgarligini oshirish, tashkilotdagi har bir xodimning bu masaladagi masʼuliyatini tushuntirish, korrupsiya bilan bogʻliq qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli choralarning mavjudligi singari xususiyatlar talab etiladi.
Bu tizim ayni paytga qadar dunyoning qator mamlakatlarida sinovdan oʻtkazilgan. ISO 37001 standarti, jumladan, Malayziyada Bosh vazir Mahathir Muhammad boshchiligidagi hukumat tomonidan joriy qilingan. Yangi tizim ham davlat, ham xususiy sektorda kutilgan natijalarni bergan.
Bugungi kunda Buyuk Britaniya, Italiya, BAA, Peru, Singapur, Xitoy singari mamlakatlarning yirik tashkilot va idoralari, taʼlim va tadqiqot markazlarida bu tizimdan muvaffaqiyatli foydalanilmoqda. Shuningdek, Microsoft va Walmart singari yirik kompaniyalar ham ISO 37001 sertifikatiga ega boʻlish niyatida ekanligini maʼlum qilgan.
ISO 37001:2016 tizimini joriy qilishda hech qanday tanish-bilishchilik, koʻzboʻyamachilik ketmaydi. Faqat muayyan idorada ushbu tizimning qonun-qoidalari joriy etilgani xalqaro ekspertlar ishtirokida tasdiqlanganidan keyingina ISO sertifikati topshiriladi.
Bizda ham soʻnggi yillarda korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaf etish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-yil 3-yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonun, 2019-yil 27-mayda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. 2020-yil 26-iyunda Prezident qarori bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Bularning barchasi mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli saʼy-harakatlar yoʻlga qoʻyilganidan darak.
Ammo, bizning davlat idoralarimizhali-hanuzkorrupsiya unsurlaridan xalos boʻlolmayapti. Xalqaro miqyosdagi koʻrsatkichlarimiz havas qilarli darajada emas. Transparency International tashkilotining 2020-yil 23-fevralda eʼlon qilingan reytingida Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish koʻrsatkichlari boʻyicha 180 mamlakat orasida 153-oʻrinda qayd etilgan. Demak, hamon bu borada dunyo reytingida oxirgi qatorlardamiz.
Joriy yil boshida mamlakatimiz rahbari Oliy Majlis palatalariga yoʻllagan Murojaatnomasidaaynan korrupsiyani yoʻqotish uchun har bir inson “halollik vaksinasi” bilan emlanishi zarurligini taʼkidlagan edi. Biroq, afsuski, hali jamiyatningturli jabhalarida korrupsiya, tanish-bilishchilik, poraxoʻrlik, tamaʼgirlik singari illatlarga duch kelyapmiz. Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda bu illat odamzod dunyoga kelganidan boshlab to soʻnggi manzilga yoʻl olguniga qadar “hamrohlik” qilmoqda.
Axir chaqaloq dunyoga kelgach tugʻruqxonadagi qoʻshimcha “xarajatlar”ni kim inkor eta oladi? Hatto baʼzida marhumni soʻnggi yoʻlga kuzatishda ham korrupsiyaga duch kelayotganlar uchrab turibdi. Poytaxtdagi oʻlikxonalardan birining masʼul xodimi koronavirus sababli vafot etgan marhumning jasadini yaqinlariga tezroq topshirish evaziga 200 dollar olayotib qoʻlga tushibdi. Ochigʻi, bunday holatlarni eshitib dahshatga tushadi odam.
Toʻgʻri, koʻpgina idora va tashkilotlar rahbarlari “biz korrupsiyaga qarshi kurashda unday qilamiz, bunday qilamiz” deb bong urishmoqda. Biroq, xalqimiz “quruq qoshiq ogʻiz yirtar”, deb bekorga aytmaydi.
Bu borada qilinayotgan ishlar xalqaro tashkilotlar reytingida oʻz aksini topmas ekan, dunyoning turli mamlakatlari tajribasida sinalgan ISO 37001: 2016 singari boshqaruv tizimlari, andozalar joriy qilinmas ekan, bizda korrupsiyaning tanazzuli shirin orzuligicha qolib ketaveradi.
Xoʻsh, yurtimizda ushbu sertifikatni qoʻlga kiritishga loyiq biror vazirlik yoki tashkilot bormi? Bor boʻlsa, nega oʻrtaga chiqmayapti? Agar ular koʻpchilik boʻlsa, kim birinchi boʻladi? Mayli, yillar davomida mansab kursisiga oʻrganib, eski odatlar qon-qonigacha singib ketgan “rahbar”larning bu illatga qarshi kurashish uchun quvvati ham, xohishi ham yoʻqdir? Prezident ishonch bildirgan yosh rahbarlar-chi? Yoki ularga ham bunday maqom, eʼtirofning keragi yoʻqmi?
Dilfuza Ergasheva,
jurnalist.