Korrupsiya – xavfsizlikka tahdid
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Savdo-sanoat palatasi vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi raisi M.Kamalov boshqarib bordi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlat organlari zimmasidagi vazifa va funksiyalarni bajarishda yuzaga keladigan korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholash tizimini takomillashtirish hamda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mamlakatda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish choralari ko‘rilmoqda va «Korrupsiyasiz soha» loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini yaratishni taqozo etmoqda. Ushbu ishlarga fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat sektorning boshqa vakillarini ham keng jalb etish zarurati tug‘ilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyun kungi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlarini tashkil etishga oid bir qator vazifalar belgilangan.
Bu bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2021 yilning 19 avgustdagi majlisi qaroriga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari to‘g‘risidagi nizom va hududiy kengashlar a’zolarining namunaviy ro‘yxati tasdiqlandi.
Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining a’zolari tanishtirildi, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning ijrosida hududiy kengashlarning, biznesda korrupsiyaga qarshi kurashishda Savdo-sanoat palatasining o‘rni to‘g‘risida ma’ruzalar qilindi va fikr-mulohazalar tinglandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA