Korrupsiya taraqqiyot dushmani
Andijonda “Korrupsiya va uni keltirib chiqaruvchi omillarga qarshi kurashish masalalarini yoritish” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi hamkorligida ommaviy axborot vositalari orqali jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jamiyatdagi korrupsiya muammolari va tahdidlarini yoritishda OAV salohiyati va berilayotgan materiallar sifatini oshirish, ushbu mavzudagi jurnalistik surishtiruvni ko‘paytirish, jurnalist va blogerlarning korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida materiallar tayyorlash borasidagi bilim, malaka va tajribasini oshirish maqsadida o‘tkazilgan seminarda jurnalistlar, blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Ayni kunda mamlakatimiz OAVlarida mazkur mavzuni yoritilishi tahlil etildi, o‘zaro fikr almashildi.
– Korrupsiya jamiyatimiz taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan eng katta g‘ovlardan biridir, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqova. – Korrupsiya illati bor joyda adolat mezonlari buziladi, qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari toptaladi, fuqarolarning davlatga, ertangi kunga ishonchi yo‘qoladi. Shu bois, ushbu illatga qarshi kurashish jamiyatning, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu ma’noda mazkur seminar jurnalistlarning korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini yoritish borasidagi bilim va malakalarini boyitishga yordam berdi.
Seminarda mavzu doirasida qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Mutaxassislar tomonidan OAV orqali jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz kayfiyatni uyg‘otish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari bo‘yicha interaktiv mashg‘ulotlar, mahorat darslari o‘tkazildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va ekspertlardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA