Korrupsiya – millat taraqqiyotiga yopishgan kasallik
Korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi, davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchni yemiruvchi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiruvchi illatlardan biri sifatida bugungi kunda Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Mamlakatimiz rahbari 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va xalqimizga qilgan Murojaatnomasida “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir”, deya ta’rif berdi. Aynan shu bayonotdan so‘ng 2026-yil mamlakatimizda “korrupsiya illatiga qarshi kurashda favqulodda holat” yili deb e’lon qilindi.
Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi asosiy hujjat – “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘lib, u so‘nggi yillarda bir necha bor takomillashtirildi. Xususan, 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan O‘RQ-1155-son qonun bilan ushbu qonunning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tuzilmalariga oid moddalari yangilandi. Birgina 2025-yilning o‘zida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirishga qaratilgan 7 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi.
Bu qadamlar faqat jazo va tekshiruvlar sonining ko‘payishini anglatmaydi, aksincha, u qarorlar ochiqligini, jarayonlarning raqamlashtirilishini va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan yangi institutsional mexanizmlarni ishga soldi. Shuningdek, vazirlik va idora rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyati hamda javobgarligi keskin oshirildi. Ushbu yo‘nalishdagi eng yirik qadam – Jinoyat kodeksiga ilk bor “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan alohida tushuncha kiritildi va unga 18 turdagi jinoyat (pora olish, pora berish, o‘zlashtirish, korrupsiya yo‘li bilan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqalar) aniqlik kiritildi. Korrupsiya jinoyatlari uchun hukm qilinganlarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish instituti butunlay bekor qilinib, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga nisbatan yengillik qo‘llash amaliyoti bekor qilindi. Og‘ir va o‘ta og‘ir korrupsiya jinoyatlari bo‘yicha javobgarlik muddati uzaytirildi. Mansabni suiiste’mol qilish, firibgarlik jinoyati (168-modda) uchun eng yuqori jazo 8 yildan 10 yilgacha ko‘tarildi. Og‘irlashtiruvchi holatlarda pora olish va berish (210–212-moddalar) uchun jazo esa 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish etib belgilandi. Korrupsiya jinoyatida aybdor deb topilgan shaxslarning yagona elektron reyestri joriy etildi. Reyestrga kiritilgan shaxslarga sudlanganlik muddati tugagunga qadar bir qator qat’iy taqiqlar joriy etildi.
Tahlillar korrupsiyaga oid jinoyatlarning eng ko‘pi maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, mahalliy hokimliklar hamda tijorat banklari hissasiga to‘g‘ri kelganligini ko‘rsatadi. Respublika Oliy Majlisi Senatining 2026-yil avgust oyidagi yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdim etgan milliy ma’ruzaga ko‘ra, 2025-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha 7517 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Davlat xaridlari sohasida 12,6 trillion so‘mlik qonunbuzilishlar qayd etilgan. Transparency International tashkilotining xalqaro reytinglarida ham ma’lum dinamika kuzatilmoqda. 2025-yilgi Korrupsiyani idrok etish indeksida O‘zbekiston 182 ta mamlakat orasida 31 ball bilan 124-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi yillar dinamikasida pasayish tendensiyasini ko‘rsatadi. O‘zbekistonning indeks bo‘yicha bali 2013-2023-yillar oralig‘ida izchil o‘sib, 17 balldan 33 ballgacha ko‘tarilgan edi, ammo 2024-yilda 32 ballga, 2025-yilda esa 31 ballga tushgan.
Ta’kidlash kerakki, коррuпцiяning an’anaviy sxemasi xizmat evaziga "konvert" berishdangina iborat emas. Balki davlat xizmatchisini uzoq vaqt davomida mukofotlab, sovg‘alar bilan siylab, uni norasmiy majburiyatlar bilan bog‘lab qo‘yish hamdir. Shunda u korrupsion iltimoslarni rad eta olmaydigan holatga tushadi. Xalq tili bilan aytganda “sizdan ugina, bizdan bugina” ko‘rinishidagi manfaatlar to‘qnashuvi paydo bo‘ladi.
Shu bois ilmiy-publitsistik nuqtai nazardan, kelgusi islohotlar quyidagi yo‘nalishlarda chuqurlashtirilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblanadi. Normativ hujjatlar ekspertizasi mexanizmini kuchaytirish (har to‘rtinchi hujjatdagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish uchun), ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida raqamlashtirishni chuqurlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, davlat xaridlari tizimida shaffoflik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yetkazilgan zararni undirish samaradorligini oshirish bo‘yicha alohida mexanizm joriy etish lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurash — faqat O‘zbekistonga xos muammo emas, balki global miqyosdagi masala. Jahon soha reyting tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, global miqyosda korrupsiya ko‘paymoqda — hatto an’anaviy ravishda samarali hisoblangan ba’zi demokratik davlatlarda ham. Masalan, Koreya Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashda o‘ta qat’iyatli qonunchilikka ega mamlakatlardan biri bo‘lsa-da, bu korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlari o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishini ta’minlay olmayapti. Mamlakatda korrupsiya sabablari va unga qarshi kurashish masalalarini o‘rganilar ekan, korrupsiyani keltirib chiqaradigan an’anaviy ijtimoiy muhit tizimi yashab qolayotganligini qayd etish lozim. Koreya Respublikasi davlat rahbarlari o‘z faoliyatida davlat xizmatida "kadrlar tozalash" ishlarini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash siyosatini yuritishadi. Biroq garchand Janubiy Koreya jamiyati dunyodagi eng halol jamiyatlardan biri bo‘lsa-da, ularning aksariyati korrupsiya mojarolariga aralashgani tufayli ushbu illatning qurboniga aylangan. Jamiyatdagi ochiqlik, fuqarolarning illatga nisbatan murosasiz pozitsiyasi ushbu mamlakatda sobiq va amaldagi davlat rahbari yoki yordamchilari, hukmron va muxolif partiyalar deputatlari, biznes tuzilmalari vakillarining korrupsiyaviy sxemalarda ishtirok etish holatlarini aniqlash imkonini bermoqda. Natijada Koreya hukumatining korrupsiyaga qarshi choralarining o‘zi mamlakatning xalqaro obro‘siga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Transparency International ekspert xulosasiga ko‘ra, deyarli barcha sobiq ittifoqdosh davlatlarda (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Gruziya) ham 2025-yilda pasayishni bu mintaqaviy umumiy tendensiya ekanini ko‘rsatadi.
Gruziya tajribasi: “shok terapiyasi” modeli. Gruziya postsovet makonida korrupsiyaga qarshi kurashning eng radikal va tezkor natija bergan namunasi hisoblanadi. 2003-yilgi inqilobdan so‘ng hokimiyatga kelgan yangi rahbariyat 2004-yilda tarixiy qaror qabul qildi. Mamlakatdagi barcha 16 000 - 18 000 nafar yo‘l-patrul xizmati xodimi bir kechada ishdan bo‘shatildi. Yo‘l politsiyachilari eng korrupsiyalashgan toifa sifatida tan olingan edi. 2003-yilda bu lavozimga “joy sotib olish” narxi 2 000 - 20 000 AQSH dollarigacha yetgan. Ishdan bo‘shatilganlar o‘rniga yangi, yosh va yaxshi o‘qitilgan kadrlar olindi, ularning maoshi taxminan 4-5 barobarga oshirildi. Keyingi bir necha oy ichida qolgan politsiya tarkibining 80 foizi ham almashtirildi. Islohot faqat politsiya bilan cheklanmadi – soliq xizmati, bojxona, ta’lim va davlat xizmatlari sohalari ham qamrab olindi. Natijada agar 2003-yilda aholining 55,2 foizi kelgusida korrupsiya ortadi deb kutgan bo‘lsa, islohotlardan so‘ng bu ko‘rsatkich atigi 4 foizga tushdi. Gruziyaning CPI bali 2004-yildagi juda past darajadan 2018-yilga kelib 58 ballgacha (ushbu davrgacha eng yuqori natija) ko‘tarildi. Garchi 2025-yilda siyosiy beqarorlik va demokratik orqaga ketish tufayli bali 50 ballgacha pasaygan bo‘lsa-da (2013-yildan beri eng past ko‘rsatkich), Gruziya hamon Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi davlat bo‘lib qolmoqda. Gruziya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, keskin va tezkor “bir kechalik” kadrlar almashinuvi, munosib maosh bilan uyg‘unlashganda, qisqa muddatda jamoatchilik ishonchini tiklashi mumkin. Ammo bu tajriba yana shuni ham ko‘rsatadiki, institutsional islohotlar demokratik nazorat va oshkoralik bilan mustahkamlanmasa, erishilgan natija barqaror bo‘lmaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda Singapur tajribasi esa institutsional barqarorlik modeli. Agar Gruziya – tezkor “shok terapiyasi” namunasi bo‘lsa, Singapur – uzoq muddatli institutsional barqarorlik modelining misoli hisoblanadi. 1952-yilda ta’sis etilgan va 1960-yillarda sezilarli darajada kuchaytirilgan Korrupsion harakatlarni tekshirish byurosi (CPIB) – dunyodagi eng qadimiy va samarali antikorrupsiya idoralaridan biridir. Singapur so‘nggi 25 yildan ortiq vaqt davomida CPI reytingida doimiy ravishda eng toza 10 ta davlat qatorida turganligi boisi ham shunda. CPIB ishlari bo‘yicha o‘rtacha murojaatlarni ochish ko‘rsatkichi 80 foizdan yuqori, sudlanganlik darajasi esa 98 foizga yetadi. Qonunchilik juda qat’iy, yuqori lavozimdagi amaldorlar uchun ham, oddiy fuqarolar uchun ham jazo teng qo‘llanilib, “istisnosiz tenglik” tamoyili amal qiladi.
Singapur modelining asosiy xususiyati korrupsiyaga qarshi kurashni faqat jazolash emas, balki davlat xizmatchilarining maoshini bozor darajasida belgilash, shaffof raqobat muhitini yaratish va uzoq muddatli siyosiy irodani saqlab qolish orqali oldini olishdir. Singapur tajribasi shuni ko‘rsatadiki, barqaror natijaga faqat bir martalik kampaniya bilan emas, balki o‘n yilliklar davomida izchil saqlanadigan institutsional mustaqillik, kadrlar siyosati va qonun oldida tenglik orqali erishish mumkin.
O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qonunchilik bazasi so‘nggi yillarda izchil takomillashib bormoqda. Biroq korrupsiyaga qarshi kurash faqat qonunchilar yoki huquqni muhofaza qilish idoralari ishi emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, natija faqat qonun bilan emas, balki uzluksiz siyosiy iroda, institutsional mustaqillik va jamoatchilik nazorati uyg‘unligida qo‘lga kiritiladi.
Muhiddin Kalonov,
Navoiy davlat universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
O‘zA