Korrupsiya – halokatga yetaklovchi yo‘l
Korrupsiya bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat turi hisoblanadi. Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda, davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof ravishda pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi.
Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi “buzish, pora evaziga og‘dirish” degan ma’noni anglatadigan lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan. Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.
Davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda, biz davlatning nazorat funksiyalarini qancha kuchaytirsak, nazorat bilan shug‘ullanuvchi davlat tuzilmalari va organlarini qancha ko‘paytirsak, amaldorlarning zo‘ravonligi va korrupsiya shuncha avj olaveradi.
bugungi kunda pensiya ta’minoti sohasida ham korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib kelinmoqda. Bunga misol qilib oxirgi yillarda sohaga oid qabul qilinayotgan konseptual amaliyotga ega normativ-huquqiy hujjatlarni alohida ta’kidlab o‘tish zarur.
Prezidentimiz tomonidan korrupsiya masalasiga alohida e’tibor qaratilib, jamiyatni “halollik vaksinasi bilan emlash” zaruriyati xaqidagi fiklari bu borada aytilgan eng to‘g‘ri fikr, deb tan olinganligini e’tirof etishimiz lozim.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Aynan shu vazifalarning amalga oshirilishida o‘z oldimizga korrupsiyaviy xavf-harakatlarga ko‘maklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish uchun aniq vazifalarni belgilab olganmiz. Tizimda joriy yil 20 oktyabridan 20 noyabriga qadar “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” e’lon qilinib, bu bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi. Ushbu chora-tadbirlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, birinchi navbatda, tizim xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan to‘liq tanishtirib chiqish va shu bo‘yicha TEST sinovlari o‘tkazishdan iborat.
Chunki har bir xodim amaldagi qonun hujjatlari mazmun- mohiyatini bilmas ekan, korrupsiyaga qarshi kurashishni ham bilmasligi aniq. Shuningdek, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun javobgarlik muqarrarligi yuzasidan har bir xodim bilan alohida suhbat olib borish, bo‘limga tashrif buyurayotgan fuqarolar bilan etika, odob-axloq qoidalariga rioya qilan holda muomalada bo‘lish, har bir tumanda huquqni muhofaza qilish bo‘limi va diniy idoralar xodimlari bilan birga seminar-treninglar tashkil etish, hududiy boshqarmalar tomonidan barcha tuman Pensiya jamg‘armalarida “Sirli murojaatchi” tadbirlarini tashkil qilish kabi vazifalar belgilab olindi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tizimda korrupsiyaga qarshi qanchalik qattiq chora va tadbirlar ko‘rilishiga qaramay, joriy yilda ham soha vakillari orasida shu kabi noxush holatlar kuzatilgani sir emas. Maqsadimiz ushbu illatga qarshi kurash olib borishni yanada kuchaytirish, barcha xodimlarga korrupsiya halokatga yetaklovchi yo‘l ekanligini, har bir xodim bu ishga qo‘l urishidan oldin oilasi, farzandlarini ko‘z oldiga keltirmog‘i kerakligini tushuntirishdan iborat. Zero, bunday ishlar uning barcha yaqinlariga salbiy ta’sir etishi bilan birga, u faoliyat yuritayotgan bo‘limda halol, pok ishlab kelayotgan hamkasblarining ham tinchini buzib, halovati yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.
Gulnora MURADOVA,
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari
Pensiya jamg‘armasining Toshkent shaxar
Yangihayot tuman bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlari nomzodi.
O‘zA