Koronavirusga chalingan bemor operatsiya qilindi
O‘zbekistonda ilk bor bir paytning o‘zida ham koronavirus oqibatida o‘pkasi 65 foiz zararlangan, ham infarkt, ham insultga chalingan o‘ta og‘ir ahvoldagi 60 yoshli bemorda murakkab yurak operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xavfli xastaliklarning eng og‘ir darajasi va so‘nggi bosqichida bemor hayotini saqlab qolishga tibbiyot ham ojizlik qiladi ba’zan. Ammo shunda ham o‘z kasbiga sadoqatli shifokorlarimiz umidsizlikka berilmay, barcha zarur tibbiy choralarni qo‘llash payidan bo‘ladi.
Bu galgi bemorning ahvoli ham o‘ta og‘ir edi. Uni tez tibbiy yordam brigadasi shoshilinch ravishda poytaxtimizdagi klinikalardan biriga olib keldi. Soporoz holatida, oyoqlari shishib ketgan, yotolmaydigan ahvoldagi 60 yoshli onaxonni Rossiyadagi yetakchi klinikalarda uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchiligidagi tibbiyot xodimlari zudlik bilan jonlantirish bo‘limiga olishdi.
Tezkor tekshuruvlardan so‘ng vaziyat o‘ta jiddiy ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Koronavirusga chalinib, o‘pkasi pnevmoniyadan 65 foiz zararlangan, o‘pka plevra bo‘shliqlarida suv yig‘ilgan bemorga yurak infarkti tashxisi qo‘yildi. Bu ham yetmaganidek, onaxon bir paytning o‘zida insultni boshdan o‘tkazayotgani aniqlandi. Ustiga ustak, infarkt asoratida yurak devorlari yorilishi diagnozi chiqdi.
– Bemor koronavirusdan aziyat chekayotgan, o‘pkasi jiddiy zararlangan holatda sun’iy nafas olish apparatidan chiqa olarmikan, degan jiddiy xavotirimiz bor edi, — deydi Rustam Yorbekov. – Ammo onaxonni zudlik bilan jarrohlik stoliga yotqizmasak, hayotini saqlab qola olmasdik. Shu bois oila a’zolari va yaqinlari roziligi bilan dastlab unda koronarografiya amaliyotini o‘tkazdik.
Uchta tomirida shikastlanish, torayish va yopilish aniqlanib, aorta-koronar shuntlash va yurak yorilgan devorini plastika qilish operatsiyasi bajarildi. Bu jarayon besh soatdan ziyod davom etdi va murakkab operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi. Mana, ko‘rib turganingizdek, bemorning ahvoli yaxshi. Ikki hafta ichida sog‘ayib ketdi. O‘pkasida suv yig‘ilmayapti. Kislorod uskunasisiz bemolol nafas olmoqda. Oyoqlaridagi shishlar qaytgan. Erkin harakatlanmoqda. Yurak va o‘pka yetishmovchiligi belgilari to‘liq bartaraf etildi.
– Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidanman, – deydi bemor Larisa Nurlibayeva. – O‘z vaqtida vaksina olmaganim tufayli koronavirusga chalinib, o‘pkam pnevmoniyadan 65 foiz zararlanibdi. Shuning asoratlaridan yuragimda juda qattiq og‘riq turdi, nafas olishim qiyinlashib boraverdi. So‘ng hushimni yo‘qotibman. Shifokorlarimizdan umrbod minnatdorman. Meni hayotga qaytarishdi. Ilgari bunday operatsiyalar faqat ba’zi chet mamlakatlarda o‘tkaziladi, deb eshitgandim.
Mana, O‘zbekiston tibbiyotida qisqa vaqtda shunday katta o‘zgarishlar. Hozir og‘riqlar bezovta qilmayapti. Ahvolim yaxshi, tez orada uyimga javob berishadi. Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga bir gapni aytmoqchiman: koronavirusga qarshi tezroq emlaning. Ayniqsa, yoshi katta, qolaversa, yondosh kasalliklari bor insonlar vaksina olishni aslo kechiktirmasligi kerak ekan, degan xulosaga keldim.
Mohigul Qosimova, O‘zA