Koronavirus nimalarni oʻzgartiradi: ijtimoiy-huquqiy jihatlar
Insoniyat tarixi guvohki, dunyo boshiga tushgan har qanday ogʻir tabiiy ofat va inqirozlardan keyin jamiyatlar yana-da kuchliroq, mustahkamroq boʻlib shakllangan. Bunday qiyinchiliklardan toʻgʻri va oqilona ish tutib rivojlanishda yuksak natijalarga erishgan koʻplab davlatlarni bilamiz.
“Biz qorongʻu damlarda
yorugʻ kelajakka boqa olishimiz kerak”
Arastu
Insoniyat tarixi guvohki, dunyo boshiga tushgan har qanday ogʻir tabiiy ofat va inqirozlardan keyin jamiyatlar yana-da kuchliroq, mustahkamroq boʻlib shakllangan. Bunday qiyinchiliklardan toʻgʻri va oqilona ish tutib rivojlanishda yuksak natijalarga erishgan koʻplab davlatlarni bilamiz.
Misol uchun, oʻrta asrlarda feodal Yevropada tarqalgan vabo (“qora oʻlat”) jamiyatdagi iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarni tamoman yangi koʻrinishga olib kelganligini yaxshi bilamiz. Koʻplab olimlar bu voqeani sanoat inqilobiga zamin yaratgan, degan fikrni ham aytishadi.
Biz oʻzbekistonliklar ham butun insoniyat bilan birgalikda katta sinovdan oʻtmoqdamiz. Koronavirus pandemiyasi bizning avlod uchun koʻlami va shakl-shamoyili boʻyicha yangilik boʻlishi mumkin, lekin tarixda bashariyat bundan-da ogʻirroq sinovlarni yenggan. Bu safar ham albatta shunday boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, koʻpni koʻrgan xalqimiz yana-da jipslashib, ahil va hamjihat boʻlib, bu murakkab sinovlarni ham mardona yengib oʻtadi.
Koronavirus bilan bogʻliq holat, birinchidan, nafaqat biz koʻnikib qolgan odatiy munosabatlarni atroflicha qayta koʻrib chiqishga, balki ularga oʻzgacha rakursdan qarashga, ayrimlarini esa tahrirlashga, keyingi hayot tarzimizni ham yangicha anglashga va rejalashtirishga majbur qiladi.
Bugun hayotimizda kechayotgan jarayonlar ertaga yangi kasblar, yangicha gʻoyalar, yangi koʻnikmalar va qoidalarning shakllanishiga olib keladi, kerak boʻlsa, jamiyatdagi qadriyatlar tizimini ham qayta tafakkur qilishga undaydi.
Koronavirus sharoitida yuzaga keladigan masalalar, ularning sohalari, koʻrinishlari ham xilma-xil: tibbiy-sanitariya munosabatlardan tortib, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, psixologik, maʼnaviy-falsafiy va boshqa sohalarda savollar talaygina.
Masalan, bugungi karantin sharoitida aksilinqiroz boshqaruvining huquqiy taʼminlovi qanday boʻlishi lozim, mazkur jarayon ijtimoiy munosabatlarga qanday taʼsir koʻrsatadi, shartnomaviy majburiyatlar qanday bajariladi, huquqlar qanday taʼminlanadi, shoshilinch choralar va inson huquqlari muvozanati, aholiga huquqiy xizmatlar koʻrsatishning evrilishi qanday kechadi, onlayn munosabatlar rivojining huquqiy ustunlari yetarlimi, shaxsiy maʼlumotlar qanday himoyalanadi? Yaʼni chaqiriqlar, yechimlar, dunyo tajribasi va istiqbol...
Zero, ertasini oʻylaydigan har qanday jamiyat ikki, uch, hatto oʻn qadam oldinni koʻzlab yashamogʻi lozim.
Bir soʻz bilan aytganda, yuridik hamjamiyat oldida postkoronavirus ijtimoiy-huquqiy munosabatlarining yangilangan koʻrinishini tasavvur etish va shunga yarasha choralarga oldindan tayyorgarlik qoʻrish vazifasi koʻndalang turibdi. Hali pandemiya toʻliq yengilmagan boʻlsa-da, biz masalaga javob izlashni hozirdanoq boshlashimiz kerak.
“Raqamli iqtisodiyot” sari
Albatta, mutaxassis boʻlmasada, har qanday inson ham bundan buyogʻiga texnologiyalarining qamrovi tubdan kengayishini tushunib, bilib turibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilingani, Davlat dasturi tasdiqlanib, uni amalga oshirishga kirishilganligi bugun sodir boʻlayotgan voqealar rivojiga hamohang javob berishimizda turtki boʻldi.
Dasturda belgilangan tadbirlarni bugunoq amalga oshirishga kirishishimiz lozimligini hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Misol uchun, karantin onlayn savdo-sotiqning taraqqiyotiga keng imkoniyatlar yaratib bermoqda. Hatto elektron bozorlar shakllanishi, yetkazib berish xizmatining misli koʻrilmagan darajada kengayishi yuz berdi. Ammo karantindan soʻng ularning bu sifat koʻrsatkichlarini saqlab qolib, boshqa xizmat sohalar va iqtisodiyot tarmoqlariga informatsion texnologiyalarni keng joriy etishga keng yoʻl ochib berish, mazkur jarayonda isteʼmolchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish va, umuman olganda, huquqiy asoslarini mustahkamlash kabi qator savollarga javob topishimizga toʻgʻri keladi. Bu, oʻz navbatida, iqtisodiy rivojlanishga zamonaviy tus beruvchi yaxshi turtki boʻladi.
Shuningdek, axborot texnologiyalarini qoʻllashda bir jihatni aslo unutib boʻlmaydi, yaʼni shaxsiy maʼlumotlar himoyasi. Katta hajmdagi maʼlumot (Big data) mavzusi ham koronavirus tufayli bugun har qachongidan-da dolzarblashdi. Chunki dunyo mamlakatlari tajribasidan maʼlum boʻldiki, kasalikka chalingan shaxslarni aniqlash maqsadida mazkur texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Shu bilan birga, kelajakda bu kabi amaliyot qatʼiy nazorat ostida va qonunchilikka soʻzsiz rioya qilgan holda amalga oshirilishi lozim. Har bir fuqaro oʻziga tegishli shaxsiy maʼlumoti muhofazalanganligini his qilib, kafolatini sezib yashashi lozim.
Davlat boshqaruvi mexanizmlarining yangi bosqichi
Davlat boshqaruvini tashkil qilishning keyingi qadamlari qanday boʻladi? Hozirgi sharoitda amalga kiritilgan yangiliklar saqlab qolinib, ixchamlashgan davlat boshqaruv apparati va zamonaviy ishlash uslublariga chuqurroq kirishni taqozo qilmoqda.
Masalan, ortiqcha majlislarga barham berilgani bilan ishlar toʻxtab qolmadi, ish samaradorligi oshdi, byurokratiya kamaydi, ortiqcha qogʻozbozlik qisqardi. Bu esa mazkur tizimning kelajakda yana-da rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar borligini koʻrsatdi. Albatta, byurokratiya davlat boshqaruvida toʻliq yoʻq boʻlib ketmaydi, buning aslo iloji yoʻq, buyuk nemis olimi, zamonaviy sotsiologiya asoschilaridan biri Maks Veber taʼbiri bilan aytganda, inson aktiv faoliyatini tashkillashtirishda, tartib va intizomni taʼminlashda, tizimli vazifa va funksiyalarni bajarishda hamda samaradorlikni maksimallashtirishda “oqilona byurokratiya” mavjud boʻlishi lozim.
Koʻplab idoralar oʻzlarining ortiqcha va samara bermaydigan boʻgʻinlarini aniqlagan boʻlsa, ajab emas. Demak, har bir tashkilot oʻz ishini yana-da maqbullashtirish uchun imkoniyat yaratildi.
Byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish nuqtayi nazaridan esa, bu ayni muddao boʻladi. Shunda vazirlik va idoralarni moliyalashtirishda yagona tamoyillarga oʻtish va zamonaviy uslublarni qoʻllash imkoniyatlari tugʻiladi.
Aksilinqiroz boshqaruvini huquqiy taʼminlash
Tan olish lozimki, dunyoda biror bir mamlakat hozirdagi kabi global inqiroz sharoitida tayyor yoʻriqnomaga ega emas, chunki oldin yuz bergan inqirozlar davrida jahon mamlakatlari bugungidek globallashuv va kommunikatsiyalar bilan uzviy bogʻlangan emas edi.
Shu bois zarur choralar inqirozga qarshi kurash jarayonining oʻzida vaziyatdan kelib chiqib, qolaversa boshqa davlatlar xatolaridan xulosa qilinib, tezkor ravishda belgilanmoqda. Bu borada esa eng muhim omil jamiyat, davlat va shaxs manfaatlarining uygʻunligini topishdan iboratdir. Albatta, ushbu uch tushunchani keltirishda ularning oʻrnini almashtirish, ustuvorlikni ulardan qaysi biriga berish lozimligi haqida bahslar talaygina va bu yana davom etishi aniq.
Shu oʻrinda, mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, davlat boshqaruvining oʻzaklaridan biri boʻlmish qonun ijodkorligi sohasi axborot texnologiyalari sharofati bilan karantin sharoitiga tayyorligi koʻzga tashlandi. Zero, 2019-yildan boshlab hujjatlarni elekron ishlab chiqish va kelishish tartibi va tizimi joriy qilingani hamda unga 200 dan ziyod turli tashkilotlarning, jumladan barcha davlat organlari, yirik kompaniyalar, banklar, uyushmalar, konsernlar ulangani ayni muddao boʻldi.
Mazkur tizim yordamida mamlakatimizda qonun ijodkorligi jarayoni samarali va uzilishlarsiz davom etmoqda hamda koronavirusga qarshi kurash borasidagi qarorlar qabul qilinmoqda.
Lekin bu masalaning faqatgina texnik tomonidir. Tabiiy ravishda tezkorlikda ishlab chiqilishi lozim boʻlgan choralar va ular aks etadigan qonun hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularda, yuqorida taʼkidlaganimiz, jamiyat, davlat va inson manfaatlarining muvozanatini taʼminlash masalasi har doim dolzarb boʻlib qolaveradi.
Davlat xizmatlari koʻrsatishning istiqbollari
Hayot davom etar ekan, koronavirus tufayli kishilarning ehtiyojlari kamayib qolmaydi, balki ularning qondirilishi keyinroqqa suriladi, xolos. Koʻpchilik tashkilotlar oʻz faoliyatini vaqtincha qisqartirganligi tufayli karantindan keyingi dastlabki davrda aholi tomonidan davlat xizmatlarini olishga boʻlgan ehtiyoj oshib ketishi mumkin.
Xuddi shu holat sud, huquq-tartibot organlarida ham yuz berishi kutilmoqda. Chunki koʻplab ishlar kechiktirilgan, oldingi toʻxtatilgan va yangi ishlarning oqimi yaqin istiqbolda tizim ishiga taʼsir qilishi tabiiy.
Shu bois endilikda mazkur yoʻnalishda eskicha ishlab boʻlmasligi bugunoq maʼlum boʻlmoqda. Nimaniki oʻzgartirish, yangilash, takomillashtirish va maqbullashtirish mumkin boʻlsa, bu ishni hozirdan jadal amalga oshirish lozim boʻladi.
Agar mazkur holatni oʻz vaqtida payqamay, zarur choralar bugun koʻrib qoʻyilmasa, yaqin oylarda davlat organlari oldida yirik navbatlar yuzaga kelishi, ish hajmi keskin oshishi va vaziyatdan chiqishning eng oson yoʻli sifatida “korrupsiya”ga murojaat qilish hollariga imkoniyat yaratilishi mumkin.
Shunday ekan, tezkorlik bilan ishlash talab etilayotgan bir davrda qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish yana-da dolzarb masala boʻlib, ertaga yuzaga chiqadi, deya komil ishonch bilan aytish mumkin. Davlat rahbarining bu borada alohida organ ochish kerakligi haqidagi taklifi naqadar asosli boʻlganligi ayni vaqtda yana bir bor oʻz isbotini topdi.
Zero, hech bir davlat va jamiyat insoniyat tarixida ham, hozirgi davrda ham va kelajakda ham toʻliq qonunbuzarliklardan holi boʻla olmaydi. Eng asosiysi, qonunbuzarlikka yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan kuchli profilaktika tizimining mavjud boʻlishi, agar qonunbuzarlik sodir etilgan boʻlsa – bunga darhol chek qoʻyadigan va taʼqib qiladigan hamda javobgarlikning muqarrarligini taʼminlaydigan adolatli tizimning ishlashidir. Bu yoʻnalish Oʻzbekiston uchun yaqin va uzoq kelajakda eng dolzarb boʻlib qolishi aniq.
Fuqarolarga huquqiy xizmat koʻrsatish qanday boʻladi?
Yurtimizda kechayotgan umumiy jarayonga hamohang ravishda, yaqin kelajakda notarial harakatlarni masofadan turib amalga oshirish mumkin boʻladi.
Bu yoʻnalishdagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, Prezident farmoniga muvofiq, mol-mulk ijara shartnomasi, undan tekin foydalanish shartnomasi; uni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan ishonchnoma kabi notarial harakatlar masofadan turib, elektron raqamli imzodan foydalangan holda hamda videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirilishi mumkin.
Hozirda “e-notarius.uz” portali orqali notariuslarga elektron murojaat qilib, elektron navbatga yozilish va hujjatlarni elektron yuborish imkoniyati mavjud. Endilikda notariuslar tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan notarial harakatlarni masofadan turib bajarish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, aeroportlar va temir yoʻl vokzallarida infokioska avtomatlari orqali ham ushbu turdagi notarial harakatlarni onlayn rasmiylashtirish koʻzda tutilgan.
Mehnat qonunchiligining yangi ufqlari
Masofadan ish olib borish haqida gap ketganda, mehnat qonunchiligini eslab oʻtmay iloj yoʻq. Sababi — qonunchiligimizda shu paytgacha xodimning masofaviy ishini tashkil etish masalasi bevosita va atroflicha ochib berilmagan edi. Endi boʻlsa, bu ish uslubi ham oʻzini oqlashi, amaliyotda qoʻllanilishi mumkinligi isbotini topdi. Shunday ekan, mazkur masalaning huquqiy jihatlarini ishlab chiqish huquqshunoslar oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.
Boshqa tomondan koʻplab korxonalar va xodimlar oʻrtasidagi mehnat munosabatlari jiddiy oʻzgarishga duch keldi. Jumladan, byudjet tashkilotlarida xodimlarga mehnat taʼtili yoki ish haqi saqlanmaydigan taʼtil berish borasida qator masalalar yuzaga kelgan boʻlsa, xususiy sektordagi ish beruvchilarning ijtimoiy majburiyati masalasi ham qator savollarni koʻtardi.
Mazkur vaziyatda karantindan soʻng mehnat nizolari yuzaga kelishi mumkin. Bu esa, mulk shaklidan qatʼi nazar, sud organlari hamda barcha tashkilotlarning yuridik xizmatlari yoki huquqshunoslari zimmasiga juda katta masʼuliyat yuklaydi va bunga tegishli tayyorgarlik koʻrish kerak boʻladi.
Fuqaro dardini davlat tinglaydi
Davlat va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarning eng yirik yoʻnalishlardan biri bu yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bilan ishlashdir. Karantin tufayli bu borada ham ish tizimi oʻzgardi. Davlat organlari rahbarlarining shaxsiy qabullarini, sayyor qabullarni qisqartirishga va vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlindi. Fuqarolar ham vaziyatni toʻgʻri tushunib, oʻzlarining hayotiy masalalarini va shaxsiy muammolarini davlat organlaridan talab qilishni aksariyat hollarda keyinroqqa qoldirib turishibdi.
Shu bilan birga, mazkur masalalar oʻz-oʻzidan hal boʻlib qolmaydi. Shunday ekan, davlat organlari, ayniqsa mahalliy hokimiyat idoralari murojaatlar bilan ishlash tizimini, Xalq qabulxonalari, barcha-barcha mutasaddilar oʻz ishlarini muvofiqlashtirgan holda olib borishini taqozo etadi.
Takroriy murojaatlarning oldini olish maqsadida barcha tizimlar yagona platforma orqali ishlashga oʻtsa, har bir murojaat bir nafasda hal etilsa, samaradorlik oshgan boʻlardi.
Inson huquqlari hamda burchlari muvozanati
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, xalqning hayoti va sogʻligʻiga jiddiy putur yetkazishi mumkin boʻlgan xavflarga qarshi kechiktirib boʻlmas choralarni koʻrish talab qilinishi bor gap. Davlat jamiyat va shaxs manfaatlarini koʻzlab shunday choralarni koʻrmoqda ham.
Ularning mazmuni faqat bir narsaga qaratilgan – insonning birlamchi uzviy huquqi boʻlgan yashash huquqini hamda sogʻliqni saqlashga oid huquqlarini taʼminlash. Boshqa tomondan pandemiya tufayli kelib chiqqan inqiroz kelgusida ayrim ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelishining oldini olish davlatning tub maqsadlaridan yana biridir.
Chunki, davlat va har bir fuqaroni bitta ijtimoiy shartnoma bogʻlab turadi, bu – Konstitutsiya. Bu XVII asrlarda shakllangan ingliz olimi Tomas Gobbs nazariyalariga asoslangan juda toʻgʻri institut boʻlib, unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan boʻlgan huquqlari va burchlari bilan oʻzaro bogʻliqdirlar.
Shunday ekan, har qanday sharoitda inson huquqlarini taʼminlash davlat uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Bugungi shaxsiy huquqlarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan noqulayiklar, jumladan yurish-turishdagi, harakatlanishdagi cheklovlar jamiyat sogʻligʻi, millat sogʻligʻi va kelajagi uchun qilinayotganini va bular vaqtincha ekanligini barchamiz tushunib turibmiz. Va, albatta, bunday holatda jamiyat havfsizligi, sogʻligi va huquqlari shaxsiy huquqlarga nisbatan ustuvor ahamiyatga ega ekanligini ham tan olish zarur.
Shu bilan birga, karantin cheklovlari sharoitida qoidalar va belgilangan tartiblarning buzilishi yuzasidan berilayotgan xabarlar va statistika, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni rivojlantirish yuzasidan oldimizda ishlar talaygina ekanligini koʻrsatmoqda. Demak, bugun va kelajakda aholi orasida qonuniylikni targʻib qilish, huquqiy nigilizmni bartaraf etish, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish hissini uygʻotish ishlari umuman yangicha darajada va sifatda davom etishi kerak boʻladi.
Shartnomalar – tomonlarni bir-biriga bogʻlovchi koʻrinmas ipdir
Shartnomaviy munosabatlar, taʼbir joiz boʻlsa, oʻzbek huquq tizimining hali ishlov berishga muhtoj sohasi. Koʻp hollarda, aholi va hatto tadbirkorlik subyektlari tomonidan shartnoma shartlari sinchkovlik bilan oʻrganib chiqilmasligining guvohi boʻlamiz. Pandemiya sharoitda esa ayrim sohalarda shartnomalarni bajarish imkoniyati sezilarli kamayadi, jumladan, qurilish, savdo, ishlab chiqarish, aviaqatnovlar va hokazolarda. Shunday ekan, tomonlar bugungi kunda oʻz shartnomalarini takroran juda chuqur tahlil qilayotgan boʻlishsa ajab emas.
Vaqtinchalik iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli qarz masalalari ham yana dolzarblashadi, ijara shartnomalariga asosan toʻlovlarni amalga oshirish va muddatlarni qayta koʻrib chiqish, shuningdek, kechiktirilgan majburiyatlarning ijrosini ham taʼminlash vazifalari yotadi.
Bu borada bugungi kun uchun eng dolzarb masala, albatta, fors-major holatlariga aniqlik kiritish hisoblanadi. Aslida ushbu mexanizm shartnomalarda soatdek ishlashi kerak. Chunki har doim biznesni rivojlantirish uchun turtki boʻlgan omil – bu risklarni boshqarish. Shuning uchun, bu faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlishi tabiiy.
Kelajakda esa klaster shaklidagi ishlab chiqarish, elektron tijorat, kripto-valyuta aylanmasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish, ulushli qurilish va boshqa zamonaviy fuqarolik-huquqiy institutlarda shartnomaning rolini oshirish zarur boʻladi. Jahon bankining “Biznesni yuritish-2020” reytingida “Shartnomalar ijrosini taʼminlash” indikatori boʻyicha Oʻzbekistonni dunyoning yetakchi yigirmata davlatlari qatoriga kiritishni ham taʼminlash kerak.
Davlatimiz rahbarining oʻz vaqtida qabul qilingan qarorlari bilan korxonalarning bankrotligi vaqtincha toʻxtatildi. Shu bilan birga, obyektiv sabablarga koʻra, kelajakda bu masala yana kun tartibiga chiqishini eʼtiborga olib, bunda bankrotlik jarayoni orqali korxonalarning parchalanishi yoki yoʻq boʻlishi emas, balki ularni kreditorlardan himoya qilish mexanizmlari orqali sogʻlomlashtirish va qayta oyoqqa qoʻyish muhim boʻladi.
Xulosa oʻrnida
Biz yuqorida toʻxtalib oʻtgan masalalar ijtimoiy-huquqiy sohada oldimizda turgan muammolarning faqatgina yuza qismi xolos. Aslida mulohaza yuritish lozim boʻlgan juda koʻplab masalalar bor.
Umuman olganda biz, huquqshunoslarning, bugungi vazifamiz davlatimiz va jamiyatimizga yuridik va huquqni qoʻllash sohasidagi pandemiya tufayli yuzaga kelgan chigalliklarni yechishga koʻmaklashishdir.
Uzoq istiqbolda esa – kelgusida har qanday murakkab vaziyatlarda ham davlatimiz, jamiyatimizning barqaror rivojlanishini taʼminlaydigan va insonlarning kamolotiga xizmat qiladigan huquqiy ustunlarni mustahkamlashdan iboratdir.
Barchamiz amin boʻlib turibmizki, endi dunyomiz biz koʻnikkan koʻrinishda boʻlmaydi. Biz yangicha munosabatlar tizimini qurish bosqichiga kirib boramiz. Bu jarayonning qoidalarini qogʻozga tushirish huquqshunoslarning bugungi avlodi chekiga tushgan.
Shu munosabat bilan, yuridik hamjamiyatimizga bugun ijod qilish uchun oʻziga xos imkoniyat yaratgan “oʻzini yakkalash” hayot tarziga amal qilinayotgan sharoitda yuqoridagi va boshqa dolzarb huquqiy masalalar haqida bosh qotirishga, mulohazalarni faol chop qilishga, postkoronavirus ijtimoiy-huquqiy tizimining takomillashishiga oʻz hissasini qoʻshishga chaqiramiz.
Ruslanbek Davletov,
adliya vaziri.