Ko‘rik-tanlov g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi tomonidan bir qator tashkilotlar hamkorligida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Hakamlar hay’ati baholash jarayonida ishtirokchilarning loyiha nizomiga muvofiq, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratgani, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb bo‘yicha o‘qitgan, bandligini ta’minlagan, aholiga ko‘rsatayotgan xizmatning sifati hamda faoliyati davomida hayotga tatbiq etayotgan yangi innovatsion g‘oyalarini alohida e’tiborga oldi.
– Olti yildan buyon davom etib kelayotgan tanlovda 650 nafardan ziyod tadbirkor, ishbilarmon va hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat Kengashi apparat rahbari Muhammad Eshniyozov. – Partiya tomonidan xotin-qizlarni oilaviy tadbirkorlikka, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlikka jalb etish hamda bandligiga ko‘maklashish orqali yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, iqtidorlarini kashf etish borasida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
[gallery-13219]
Mazkur tanlov ham ana shunday loyihalardan biridir. Tanlov yakuniga ko‘ra, “Dilshodjon orzusi” fermer xo‘jaligi rahbari Shahzoda To‘xtayeva 1-o‘rinni, “Ikki farishta” xususiy korxonasi rahbari Lobar Qo‘ldosheva 2-o‘rinni, “Charos – 2019” korxonasi rahbari Latofat Husanova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Faoliyatimni 2004 yilning dekabr oyida boshlaganman, – deydi tanlov g‘olibi Sh.To‘xtayeva. – Xo‘jaligimiz keng tarmoqli bo‘lib, bog‘dorchilik, asalarichilik, baliqchilik, qandolatchilik, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boramiz. Hozirda 13 ta doimiy, 250 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni mavjud. “Ayollar daftari” ro‘yxatida turganlar va nogironligi bo‘lganlar ish bilan ta’minlangan.
Ko‘rik tanlovda oilaviy tadbirkorlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik faoliyatlarida salmoqli yutuqlarga erishib, aholi bandligiga ko‘maklashishda faollik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh faol tadbirkor ayollar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA