Ko‘rgazmada katta loyihalar namoyish qilindi (+video)
Avval xabar berganimizdek Toshkentda “AgroWorld Uzbekistan 2026” 21-xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur namoyishlar tadbirkorlar, endi ish boshlamoqchi bo‘lgan investorlar, agrosanoat sohasiga qiziquvchilarga katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Bu yerda jahonning nufuzli kompaniyalari tomonidan aqlli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi uchun zarur minerallar, dori vositalari, parandachilik, chorvachilik, baliqchilik yo‘nalishlari uchun zarur tarkibiy qismlar va eng so‘nggi ishlanmalar namoyish qilinmoqda. Bu yerda Avstriya, AQSH, Belarus, Belgiya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya kabi 19 mamlakatdan 162 ta kompaniyalarning eng yaxshi texnologiyalarini ko‘rish va yaqindan tanishish mumkin.
Ko‘rgazmada hamkorlik aloqalarni kengaytirish, manfaatli shartnomalar tuzish, investorlar va agrosanoat korxonalari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan. Hattoki ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va logistikagacha bo‘lgan barcha jarayonlar qamrab olingan. Ko‘rgazmaning noyobligi va avvalgilaridan ajralib turgan jihati ham shunda. Ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan mahsulot tayyorlash zanjiri to‘liq namoyish qilingan. Shu bilan birga joriy ko‘rgazmada parandachilik sohasiga alohida urg‘u berilgan. Soha uchun innovatsion texnologiyalar, uskunalar, dori vositalari, yem mahsulotlari yirik kompaniyalar tomonidan tadim etildi.
O‘zbekistonda agrar sohada imkoniyatlar keng bo‘lgani uchun ko‘rgazmaning oxirgi kunida ham tashrif buyuruvchilarning keti uzilmadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bOsTY44V7Jo" title="Ko`rgazmada katta loyihalar namoyish qilindi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA