Koreyalik mutaxassislardan mahorat darslari
Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bugungi kunda ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar yigirmadan ortiq kasb-hunarga o‘qitilmoqda. Shuningdek, ularga xorijiy tillar o‘rgatilyapti.
O‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish maqsadida markazda xorijdan muxatassislar jalb etilgan. Ayni paytda, Turkiya, Koreya, Rossiya va boshqa davlatlardan taklif etilgan mutaxassislar tinglovchilarga saboq bermoqda. Shuningdek, xorijlik hamkorlar bilan birgalikda o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, ushbu haftada Koreya Respublikasining Keimyung universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan birgalikda tinlovchilar uchun mahorat mashg‘ulotlari tashkil etidi.

– Markaz faoliyati bilan tanishdik, o‘qituvchilar va tinglovchilar bilan suhbatlashdik, – deydi Keimyung universiteti professori Leye Sang Koo. – Sharoitlar xalqaro talablar darajasida, o‘quv reja va dasturlar ham yaxshi ishlab chiqilgan. Gap ularni amalga oshirishda. O‘quv ustaxonalari va laboratoriyalarda tashkil etilayotgan amaliy mashg‘ulotlar bizda yaxshi taassurot qoldirdi. O‘ylaymanki, hamkorligimiz ijobiy natijalar beradi.

Koreyalik mutaxassislar tibbiyotda birinchi yordam, oshpazlik, sartaroshlik va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha tinglovchilarga mahorat darslari o‘tdi. Mehmonlar viloyatdagi kasb-hunarga o‘qitish maskanlarlarida ham bo‘lib, o‘z tajribalarini o‘rgatishi ko‘zda tutilgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA