Koreya delegatsiyasi INXA universitetida
Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri o‘rinbosari Ko Gyu Chang boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrifi doirasda Toshkent shahridagi Inxa universitetiga bordi.
Mazkur o‘quv yurti Koreyaning eng nufuzli oliy ta’lim muasassalaridan biri hisoblanadigan INXA universitetining yurtimizdagi filiali bo‘lib, IT sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida ochilgan. Ushbu universitetda kompyuter, dasturiy injiniring, biznes boshqaruvi va logistika yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis tayyorlanadi.
Tadbir doirasida Koreya vakillari dastlab joriy yil universitet qoshida tashkil etilgan “King Sejong Institute” (Qirol Sejong Instituti) koreys tilini o‘rganish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

So‘ngra xorijlik mutaxassislar “Raqamli hukumat” mavzusidagi seminarda ishtirok etdilar. Yig‘ilishda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro indekslar ko‘rsatkichi asosida O‘zbekistonda elektron hukumat rivojlanishini baholash metodologiyasi, ayni jarayonda xalqaro tajribadan samarali foydalanish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Ta’kidlash joiz, elektron hukumatni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston - Koreya izchil hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuv davomida Koreyalik ekspertlar ishtirokida axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqilishi, mazkur hujjat respublikaning telekommunikatsiya texnologiyalari, tarmoqlari va infratuzilmasini rivojlantirish, infotizim va ma’lumotlar bazasini yaratish yo‘nalishlarini qamrab olishi ta’kidlandi.
— Raqamli transformatsiya jarayonida fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan elektron hukumatni rivojlantirish masalasi muhim o‘rin tutadi, — deydi Ko Gyu Chang. Mazkur vazifani amalga oshirishda ilg‘or xalqaro tajribani qo‘llagan holda yuqori malakali IT kadrlar tayyorlash zarur.

Xorijiy mehmonlar iqtidorli talabalar tomonidan ixtiro qilingan “Start up” loyihalari taqdimotini diqqat bilan kuzatib, hukumatimizning Toshkent shahri va barcha hududlarda dasturlash maktablari tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Ulug‘bek Mahmirzayev, O‘zA