Koreya bilan hamkorlik shoshilinch tibbiy yordam sifati oshishiga xizmat qiladi
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Janubiy Koreyaning Xavfsizlik siyosati tadqiqot instituti hamda «Autech Corporation» va «Meskorea» kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov ishtirokida o‘tgan muloqotda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tibbiyot sohasidagi strategik sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, Janubiy Koreya uzoq yillardan buyon O‘zbekiston tibbiyot tizimini modernizatsiya qilish, xususan, aholiga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish borasida ishonchli hamkor bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hamda Koreya sog‘liqni saqlash xalqaro hamkorlik jamg‘armasi (KOFIH) dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar sohadagi xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va ularni xalqaro standartlarga moslashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuvda «Autech Corporation» va «Meskorea» kompaniyalari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, «Autech Corporation» Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari, jumladan, infeksiyali bemorlar uchun salbiy havo bosimiga ega maxsus transport vositalari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalar uchun maxsus moslamali (pandusli) avtotransportlarni yetkazib berish bo‘yicha yetakchi kompaniya hisoblanadi.
«Meskorea» kompaniyasi esa tibbiy o‘quv manekenlari va simulyatsiya qurilmalari, tez tibbiy yordam hamda qutqaruv jihozlari, tabiiy ofatlar va ommaviy jarohatlanish holatlarida qo‘llaniladigan vositalar, harbiy va favqulodda vaziyatlar uchun ixtisoslashgan tibbiyot uskunalari, zarbli-qutqaruv sumkalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Muloqot chog‘ida koreyalik investorlar O‘zbekistonda tez tibbiy yordam tizimini yanada modernizatsiya qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirish hamda tibbiyot xodimlarini xalqaro talablar asosida tayyorlashga qaratilgan takliflarini bildirdi. Shuningdek, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tibbiyot amaliyotiga keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan shifokorlar, feldsherlar, hamshiralar, dispetcherlar va texnik mutaxassislarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Ushbu kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekistonda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini texnologik jihatdan yangilash va kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA