Ko‘pkari va tanlovning o‘xshashligi nimada?
Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 41-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sardor Sattorovning “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi IT tanlovida g‘olib bo‘lgani va unga sovg‘a sifatida eski noutbuk berilgani holati bugun Samarqand viloyati hokimligi va xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari ishtirokida Nurobod tumani hokimligida muhokama qilindi.
Mutasaddilarning izohlashicha, S.Sattorov va yana ikki nafar o‘quvchi mazkur tanlovning tuman bosqichida g‘olib bo‘lgan. Ularga hokimlik tomonidan “realme C11” rusumli telefon apparatlari sovg‘a qilingan. Viloyat bosqichida boshqa tuman va shaharlardan kelgan o‘quvchilar quyi bosqichda noutbuk bilan rag‘batlantirilgani sababli nurobodlik o‘quvchilarga ham vaqtincha eski noutbuklar keltirib berilgan. O‘quvchilar va ularning ota-onalari, o‘qituvchilari bilan suhbat va muhokamalardan so‘ng “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasidagi IT tanlovning tuman bosqichini tashkil etish va o‘tkazishda yo‘l qo‘ygan xatolari uchun tuman xalq ta’limi bo‘limining ta’lim jarayonida AKTni joriy etish sho‘’basi bosh mutaxassisi A.Dangalov vazifasidan ozod etildi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari N.Jalaliddinovga esa “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanildi. Ha, darvoqe, S.Sattorov va tanlovning yana ikki nafar g‘olibiga viloyat hokimligi tomonidan yangi noutbuklar topshirildi.
Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda ham munozaralarga sabab bo‘ldi va ayrim o‘quv markazlari tomonidan dasturchi o‘quvchilarga noutbuk sovg‘a sifatida yuborildi. Yaqinda olis qishloqlardan birida ko‘pkarili to‘yda qatnashib, g‘alati holatlarga guvoh bo‘lgan edik. Sovringa tuya qo‘yilgani e’lon qilinib, bo‘taloq, ho‘kiz aytilib, kichkina buzoq, ot o‘rniga toy berilgani ko‘rib, hayron bo‘lgandik. Eng qizig‘i asosiy sovrin – avtomobil e’lon qilinganda “Neksiya” yoki “Lassetti” berilarmikan, deb o‘ylanib turganimizda, davraboshi maydon chetida turgan “Jiguli” ni ko‘rsatgandi. Hozir, negadir, shu holat yodimga tushdi.
G‘.HASANOV, O‘zA