Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi foydalanishga topshirildi
Navoiy viloyati Nurota tumanida aholi salomatligini mustahkamlash hamda tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi mukammal ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda foydalanishga topshirildi.
Muassasaning ochilish marosimida tuman hokimi Azamat Fayziyev ishtirok etib, aholiga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarning oldini olish hamda birlamchi tibbiy xizmat tizimini yanada rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.

Poliklinikada aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, tibbiy xonalar belgilangan standartlar asosida jihozlandi. Bemorlarni qabul qilish, tashxis qo‘yish va davolash jarayonlarini samarali tashkil etish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-iyuldagi “Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikda “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Nurota tuman tibbiyot birlashmasiga 3,4 milliard so‘mlik 26 turdagi zamonaviy tibbiy uskunalar olib kelindi.

Mazkur texnologiyalar kasalliklarni erta aniqlash, aniq tashxis qo‘yish hamda samarali davolash imkoniyatlarini yanada kengaytirib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri