Ko‘p qavatli turarjoy foydalanishga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi arafasida Qo‘shrabot tumanidagi Zarkent qo‘rg‘onida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasi bo‘linmalarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolari uchun ko‘p qavatli turarjoy foydalanishga topshirildi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, odamlarni hayotidan rozi qilish davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir.

Bu borada NKMK ma’muriyati va Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan ham ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mustaqillik yillarida Zarkent qo‘rg‘oni aholisi uchun yangi uy-joylar, yotoqxonalar, markazlashgan kanalizatsiya tizimi, sport va madaniyat majmualari, akvapark kabi ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari bunyod etilib, foydalanishga topshirildi.

– Zarkent qo‘rg‘oni bir paytlar oddiy qishloq tipidagi ovloq joy bo‘lib, o‘tgan asr o‘rtalarida sanoatning kirib kelishi hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi, – deydi “NKMK” AJ Kasaba uyushmasi kengashi raisi Isroil Rahmatov. – 2002 yilda “Zarmitan” koni kombinat tasarrufiga o‘tkazildi, 2009 yilda esa “G‘ujumsoy” koni va 2010 yilda 4-gidrometallurgiya zavodi, 2025 yilning 30 aprel kuni esa Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Skipli” shaxta stvoli ishga tushirildi. Hududda sanoat industriyasini barpo etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish bilan birga Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishchi-xodimlarimiz, ularning oilasi yashash sharoitini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilib, so‘nggi o‘n yillikda ko‘plab turarjoylar va ijtimoiy soha ob’ektlari, ya’ni, zamonaviy infratuzilmani mujassam etgan Zarkent konchilar maskanini barpo etishga erishildi.

Jumladan, 2008-2024 yillarda kombinat ma’muriyati Kasaba uyushmasi kengashi bilan birgalikda ushbu shaharchada keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, 200 o‘rinli “Konchi” madaniyat uyi qayta rekonstruksiya qilindi, “Yoshlik” sport majmuasi, 2 ta mini futbol stadioni, akvapark yangidan barpo etildi. Shuningdek, ishchi-xodimlar, yosh mutaxassislarning turarjoyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 180 ta xonadonli 10 ta ko‘p qavatli turarjoy, 100 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta ishchilar yotoqxonasi, 26 o‘rinli 3 ta mehmonxona tipidagi yotoqxona, 128 ta xonadondan iborat 11 ta ko‘p qavatli harbiylar shaharchasi, harbiy qism, yong‘in xavfsizligi binosi va boshqa ko‘plab ijtimoiy ob’ektlar qurib berildi. Bundan tashqari, ishchi-xodimlarga ish sharoitlarini yaratish maqsadida 2024 yili 500 o‘rinli 2 ta maishiy bino va 100 o‘rinli 2 ta oshxona barpo etildi.

Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida esa ishchi-xodimlarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 32 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi. Uning 24 tasi ikki xonali va 8 tasi uch xonali xonadondan iborat. Binoni qurish va jihozlashga kombinat tomonidan qariyb 17 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Har bir xonadonga elektr plitasi, suv isitkich qurilmasi o‘rnatilib, hududda bolalar maydonchasi, o‘rindiqlar va boshqa sharoitlar yaratib berildi.

– Inson qaysi sohada mehnat qilmasin, uy-joyli kishining har bir kuni unumli kechadi. Yigirma besh yildan buyon Janubiy kon boshqarmasida ishlayman. Yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi oilamizga quvonch olib kirdi. Yangi xonadonli bo‘ldik. Bunday g‘amxo‘rlik kombinat ma’muriyati, Kasaba uyushmasi kengashining insonlarga bo‘lgan e’tiboridan dalolatdir. Bu e’tibor hamkasblarimga o‘rnak bo‘lib ishlashga chorlaydi, – deydi boshqarma texnik nazorat guruhi rahbari Ramazon Boltayev.
Tadbirda turarjoyni qurishda faol ishtirok etgan Zarafshon qurilish boshqarmasining bir guruh quruvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri