Kooperatsiya usuli: aholi ham, tadbirkor ham manfaatdor
Buxoro viloyatida qoramollar bosh sonini 1 million 350 ming boshga, go‘sht ishlab chiqarishni 315 ming tonnaga, sutni 1,2 million tonnaga, tuxumni 625 million donaga, parranda go‘shtini 51,5 ming tonnaga va baliq yetishtirishni 45 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
– Chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash uchun asosiy ozuqabop ekin yerlari maydonini 41.4 ming gektarga yetkazish, iqtisodiy samarasiz, past xosilli paxta-g‘alla maydonlarida har yili almashlab ekish tizimi orqali 15 ming 850 gektarga beda ekiladi, – deydi viloyat “Chorvanasl” markazi rahbari N.Raxmatov. – Qorovulbozor, Romitan, Peshku, Jondor, Olot va Qorako‘l tumanlarida foydalanishdan chiqarilgan yer maydonlarini o‘zlashtirib qo‘shimcha 12 ming gektar ozuqa ekin yer maydonlariga yunaltirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, bedadan har gektar maydondan 180-200 sentner, makka silos uchun 550-600 sentner, makkajo‘xori doni uchun 60-80 sentner, arpa uchun 40-60 sentner, roj uchun 60-80 sentner, xashaki lavlagi uchun 200-250 sentnerga hosildorlikni oshirish xisobidan bir shartli molga o‘rtacha 12-13 ozuqa birligi hisoblangan.

Ozuqabop ekinlarning serhosil navlarini ko‘paytirish hamda yil davomida 2-3 marta hosil olish va hosildorlikni 1,4 barobarga oshirish ta’minlanadi.
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro agro klaster chorva” MCHJ tomonidan 2021 yilda umumiy qiymati 70 milliard so‘mlik 2 ming 500 bosh naslli qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi tashkil etildi. Hozirda 1000 ga yaqin Golshteyn zotli sigirlar 30 litrdan sut bermoqda. Tumandagi 510 ta aholi xonadonlariga naslli qoramollar tarqatib berildi. Sut va go‘sht kooperatsiyasini tashkil qilish natijasida 510 nafar ishsiz fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi va oilaviy daromadi oshdi. Buxoro shahrida 42 xil turdagi sut mahsulotlarini italiya texnologiyasi asosida qayta ishlab ichki iste’mol bozorida arzon narxda sotish yo‘lga qo‘yilgan.
Chorva mollariga veterinariya va naslchilik xizmatlari ko‘rsatish hisobiga o‘tgan 3 yil davomida 3 avlodda yoki mavjud 1,3 million bosh qoramollardan 785,6 ming boshi yoki 63 foizining zoti yaxshilanib, naslli molga aylantirilgan.

Viloyatda keyingi uch yilda 104 ta zamonaviy 300-500 bosh naslli qoramollarga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari yangidan qurilib ishga tushirildi. Ayni paytda bu xo‘jaliklarda 50 ming boshdan ortiq naslli qoramol parvarishlanmoqda. Shundan sut yo‘nalishida bir bosh naslli sigirdan o‘rtacha 29, 5 litr sut sog‘ib olinayotgan bo‘lsa, burdoqichilik yo‘nalishida 1,5 – 1,8 kilo vazn olishiga erishilmoqda. Birgina o‘tgan 2021 yilda chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 816 miilliard so‘mlik 87 ta loyiha amalga oshirilgan. 5,5 mingtadan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 10 ta paxta to‘qimachilik va g‘allachilik klasterlarida ham ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi qurish rejalashtirilgan. Naslli qoramollarni aholiga kooperatsiya usulida yetkazib berish va sut- go‘sht mahsulotlarini sotib olib, qayta ishlash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA