Konstitutsiya – sha’nim va qadrim himoyachisi
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida "Konstitutsiya —sha’nim va qadrim himoyachisi" shiori ostida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida tuman tibbiyot birlashmasi tibbiyot xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi qonuni loyihasiga kiritilgan sog‘liqni saqlash tizimi, iqtisodiyotni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, sud-huquq tizimiga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar, uning mazmun-mohiyati to‘g‘risida so‘z yuritildi.

– Konstitutsiya bu bizni sha’nimiz, qadr qimmatimiz, mamlakatimiz rivoji, ertangi istiqboli uchun xizmat qiladi, –dedi targ‘ibot tadbirida tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori O‘ktam Omonboyev. – Yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakat rivoji, aholini tich va farovon turmush kechirishi, yurtni taraqqiy etishi uchun kerak bo‘lgan zarur jihatlarni, davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.

Muhimi, Mirzaobodda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida inson qadri, haq-huquqlari, sha’ni har narsadan ustun ekanligi, u esa yangilangan O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasida o‘z ifodasini topganligi qayd etildi. Barcha 30 aprel kuni o‘tkaziladigan siyosiy tadbir, referendumda faol ishtirok etishga da’vat etildi.
Sh. Suyarov,
O‘zA