Konstitutsiya – mulk daxlsizligining kafolatidir
Aynan Bosh qomusimiz bugungi kunda yurtimizda koʻp ukladli bozor iqtisodiyoti tarkibida xususiy mulk ustuvorligini mustahkamlash, uning himoyasini kafolatlash, shuningdek, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy huquqiy poydevoriga aylandi.
Mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yillarida iqtisodiyot tarmoqlarida erishilgan barcha yutuq va marralar, uning tizimli surʼatlar bilan oʻsishi, avvalo, Konstitutsiyamizning hayotbaxsh qudrati va salohiyatini, unda mujassam boʻlgan prinsiplar, qoida hamda normalarning naqadar chuqur oʻylangani, har tomonlama mustahkam asosga ega ekanini yaqqol namoyon etadi. Darhaqiqat, oʻtgan davr mobaynida hayotimizda, biz erishgan barcha yutuqlarda Asosiy qonunimizning oʻrni beqiyos ekani barchamizga yaxshi maʼlum.
Aynan Bosh qomusimiz bugungi kunda yurtimizda koʻp ukladli bozor iqtisodiyoti tarkibida xususiy mulk ustuvorligini mustahkamlash, uning himoyasini kafolatlash, shuningdek, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy huquqiy poydevoriga aylandi.
Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotini, siyosiy jihatdan qurilishining asosiy tomonlarini tartibga solish boʻyicha tamoman yangicha yondashuvni belgilab bergan Konstitutsiyamizning 53-moddasida “Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi”, deb aniq belgilangan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 36-moddasida “har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli” ekani qatʼiy belgilanib, shaxslarning mulkka boʻlgan huquqi konstitutsiyaviy norma darajasiga koʻtarildi hamda muhim iqtisodiy-ijtimoiy huquqlardan biri sifatida eʼtirof etildi. Boshqacha aytganda, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz hamda davlat himoyasida boʻlib, mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina oʻz mulkidan mahrum etilishi mumkinligi mustahkamlab qoʻyilgan.
Umuman olganda, jamiyat hayotining barcha jabhasida paydo boʻladigan ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirish, xalq farovonligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni mulksiz tasavvur etib boʻlmaydi. Demak, mulk bilan bogʻliq ijtimoiy munosabatlarsiz ishlab chiqarish va xoʻjalik yuritish jarayonlari oʻz mazmuniga ega emas. Ushbu munosabatlarda davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi hamda huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida tadbirkorlik yoʻlidagi ortiqcha cheklovlarni bartaraf qilish, ularning faoliyatiga davlat idoralarining noqonuniy aralashuvini qatʼiy cheklash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani, xususan, hokimlarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻyish boʻyicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga berilishi toʻgʻrisida va yerni olib qoʻyish va kompensatsiya toʻlashning yangi tartibi, yer faqat mulk egasining roziligi bilan olinishiga oid qoidalar joriy qilingani toʻgʻrisida aytib oʻtdilar.
Endilikda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash uchun hokimlarning fuqarolarga yer berish haqidagi qarorlarini tegishli saytlarda eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish kerakligi ham taʼkidlandi.
Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun barcha jabhada konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirishimiz zarurligi, inson huquq va erkinliklarini, uning shaʼni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, taʼlim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini toʻla taʼminlashimiz lozimligi ham qayd etildi.
Albatta, bu borada Asosiy qonunimiz islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishida, koʻzlangan maqsadga erishish, erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirishning eng muhim qoidalarini oʻzida mujassamlantirib, jamiyatimiz hayotining mustahkam huquqiy poydevori boʻlib qolaveradi.
Abdugʻani UMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi