Konigil turizm qishlog‘i kengaydi
2020 yilda Samarqand tumani Konigil mahallasidagi Siyob arig‘i atrofi obod qilinib, bu yerda yurtimizdagi ilk turizm qishlog‘i tashkil etilgan edi.
Konigil – qadimiy uslubda Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish, kulolchilik, duradgorlik va boshqa hunarmandlik an’analari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan hudud. Qishloq nomining o‘zi bu maskan kulollarning asosiy xomashyosi bo‘lgan gilning koni ekani bilan ajralib turadi. Hududdan o‘tgan Siyob arig‘i esa kulollar va boshqa hunarmandlar, tegirmonchilar uchun bu yerda kasb-hunar bilan shug‘ullanish, daromad topishning asosiy manbai bo‘lgan.
Mahalliy hunarmand tadbirkor Zarif Muxtorov tomonidan ariq bo‘yida eski tegirmon tiklanib, qadimiy Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgach, bu yerdan sayyohlar qadami uzilmay qoldi. Shundan so‘ng Siyob arig‘i atrofi obod qilinib, mahallada yana boshqa hunarmandchilik ustaxonalari, guruch, moy tegirmonlari tashkil tashkil etildi, oilaviy mehmon uylari ochildi va shu tarzda Konigilga yurtimizdagi birinchi turizm qishlog‘i maqomi berildi.
[gallery-19809]
O‘shanda mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi ham amalga oshirilishi va Siyob arig‘i atrofi M-39 avtomobil yo‘ligacha obod qilinib, turistik ob’ektlar bunyod etilishi belgilangandi.
Bugun bu ishlar yakunlanib, turizm qishlog‘i kengaydi va Kongilda yana bir turistik maskan ochildi.
– Loyihaning ikkinchi bosqichida 22 gektar maydon qamrab olindi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov. – Siyob arig‘i tozalanib, atrofi obodonlashtirildi. Ariq yoqalab yo‘l ochildi, 2,5 kilometr masofada veloyo‘lak va 3,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etildi. Hududda mahalla aholisi va tadbirkorlar tomonidan 51 ta ob’ekt, ya’ni mehmon uylari, savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, dam olish maskanlari bunyod etildi. Endilikda Samarqand xalqaro turizm markazi ro‘parasidan, M-39 yo‘lidan ushbu sayyohlik maskaniga kirib, Konigil mahallasi markazigacha piyoda yoki velosiped va elektromobillarda sayr qilish imkoniyati mavjud. Sayyohlar bu yerdagi hunarmandlik ustaxonalari faoliyati bilan tanishishi, ariq bo‘yida dam olish, mehmon uylarida qolishi mumkin.
Loyihani amalga oshirish jarayonida Konigil mahallasi infratuzilmasi yaxshilanib, madaniy-ko‘ngilochar dasturlar tashkil etish uchun ham sharoit yaratildi. Hududdagi aholi turar joylari va boshqa binolarning tarixiy ko‘rinishi tiklanadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari