Kommunal xizmatlar va qonun ustuvorligi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida videokonferensaloqa rejimida tashkil etilgan navbatdagi o‘quv-seminari ma’muriy sudlarda kommunal xizmatlar – gaz ta’minoti, elektr energiyasi va ichimlik suvi sohasida yuzaga kelayotgan nizolarni ko‘rib chiqishga bag‘ishlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining sudyalari G.Baynazarova va A.Imatov sohada uchrayotgan muammolar, ayniqsa, hisob-kitoblarning to‘g‘riligini aniqlash, qayta hisoblash masalalari, shartnomaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar, ta’minotni noqonuniy uzib qo‘yish holatlari va iste’molchilarning huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq holatlarni atroflicha muhokama qildi.

Bu boradagi nizolar sonining ortib borayotgani sohada tizimli tahlillarni talab etmoqda. Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning qaror va harakatlari qonuniyligiga huquqiy baho berish, iste’molchilarga yetkazilgan zararni aniqlash va adolatli hal etish, hisoblash uskunalari holati va dalillar maqbulligini tekshirish, qonunchilikda belgilangan tartib-taomillarga rioya etilganini o‘rganish kabi masalalar alohida ahamiyat kasb etadi.

Seminarda sud amaliyotida uchrayotgan turli talqinlar va nizoli vaziyatlar yuzasidan fikr almashilib, yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Zero, kommunal xizmatlar aholi hayotining ajralmas qismi va ijtimoiy barqarorlikning asosiy omillaridan biri ekanini hisobga olgan holda, bu yo‘nalishda qonuniylikni ta’minlashda prokuratura organlari ham muhim o‘rin tutadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bir qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.