Ko‘mir ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalarini tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash muhim vazifa sanaladi. Farg‘ona viloyatida ham mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Farg‘ona filiali tomonidan 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumi uchun aholi xonadonlari, ijtimoiy soha tashkilotlariga ko‘mir yetkazib berish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda filialga qarashli 8 ta – Beshariq, Furqat, Qaqir, Buvayda, Bag‘dod, Oltiariq, Marg‘ilon va Quva ko‘mir omborlari orqali ko‘mir va briket mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
–Bu mavsum uchun viloyat aholisiga 186 ming tonna ko‘mir va briket mahsuloti yetkazib berilishi rejalashtirilgan, – deydi “Ko‘mir ta’minot” MCHJ Farg‘ona filiali mutaxassisi Zuhriddin To‘raqulov. –Uning 115 ming tonnasi Angren ko‘mir mahsuloti bo‘lsa, 71 ming tonnasi chetdan olib kelinadi.
Hozirgi kunga qadar Angrendan 85 ming tonna, xorijdan 74 ming tonna ko‘mir mahsuloti olib kelinishiga erishildi. Viloyatdagi ijtimoiy soha ob’ektlariga 68 ming 562 tonna mahsulot yetkazib berilib, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, kasb-hunar ta’limi, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari belgilangan reja asosida to‘liq ta’minlandi.
Ayni jarayonda “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Farg‘ona filiali mutasaddilari tomonidan viloyatning chegara va tog‘li hududlari ta’minoti uchun alohida zaxira yaratildi. Viloyatning anklav hududida joylashgan So‘x tumani, Farg‘ona tumanining Shohimardon va Yordon, Rishton tumaniga qarashli Cho‘ng‘ara qishloqlariga ko‘mirni o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida maxsus avtotransport korxonalari bilan shartnoma imzolangan. Bu hududlarga ko‘mir yetkazib berishning transport xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Hozirgi kunga qadar viloyatning anklav hududlariga 3 ming tonnadan ortiq ko‘mir yetkazib berildi.

2021-2022 yillar kuz-qish mavsumida viloyatdagi ijtimoiy soha muassasalarini uzluksiz ravishda ko‘mir bilan ta’minlash uchun har bir soha kesmimida talab va ehtiyoj alohida o‘rganib chiqildi. Natijada mahsulot yetkazib berish uchun yangi shartnomalar imzolanib, 17,9 ming tonna qo‘shimcha zaxira yaratildi. Mavsum davomida qo‘shimcha buyurtma asosida ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport muassasalariga mahsulot yetkazib berilishi mumkin.
Belgilangan reja-jadvali bo‘yicha viloyatdagi har bir mahalla ehtiyojidan kelib chiqib ko‘mirning kilosi imtiyozli narxda – 300 so‘mdan yetkazib berilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA