Ko‘lqamishga ko‘prik kerak, o‘rtoq mas’ullar!
Jurnalist surishtiruvi
Daryo toshqin, suvlar to‘lqin o‘tolmaymanay...
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani “Farovon” MFYga qarashli Ko‘lqamish qishlog‘ilik o‘quvchilarning qo‘lbola yog‘och ko‘prikdan ming hadik bilan o‘qituvchilari ko‘magida o‘tayotganini ko‘rib, benihoya ushbu qo‘shiq yodimga tushdi...
Tahririyatimizga ushbu qishloq fuqarolarining ko‘prik masalasida yo‘llagan murojaatini o‘rganish maqsadida fotomuxbir bilan ushbu manzilga tong qorong‘usida otlandik. Tog‘li dovonlardan oshib, manzil sari yaqinlashib borar ekanmiz, yengilgina yomg‘ir shivalay boshladi. Ko‘lqamish qishlog‘idan bitta oldingi Boyqo‘rg‘on qishlog‘iga yetib borganimizda yomg‘ir zaptiga oldi va sharros qo‘ya boshladi. “O‘ra” daryosi qirg‘og‘i bo‘ylab davom etadigan yo‘ldan yurish xavfi esa tobora ortdi. Shu yerda to‘xtadik. U yog‘iga yurishga yuragimiz betlamadi. Chunki shu yerga kelganda asfalt yo‘l tugab, sirpanchiq loy yo‘l boshlangandi. Murojaatchilar bilan bog‘lanib, mashina jo‘natishini so‘radik. Manzilgacha yana taxminan 12-15 kilometr bor edi.
[gallery-17551]
Tog‘lik yigitlar bunday yo‘llarda yurishga moslashib ketgan. Ularning mashinasida loy yo‘ldan borar ekanmiz, mashina ingranib, xavfli chayqaladi. Yo‘ldagi har lahzalik xavotir va tahlika mahalliy haydovchilar uchun odatiy holga aylangan. Ular uchun bolalarining daryodan xavfsiz o‘tib, maktabga qatnashi har narsadan ustun turganligi dastlabki suhbatlardanoq anglashildi.
Nihoyat qishloqqa yetib bordik. Yomg‘ir ham pasaydi.
Qishloqda yuqoridagi Nayman qishlog‘idagi 49-maktabning hashar yo‘li bilan qurilgan filiali joylashgan. Unda boshlang‘ich sinflardagi 44 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Katta sinflar esa asosiy maktabga qatnaydi. Muammo shundaki, qishloqni oralab “O‘ra” daryosi o‘tgan va u ayniqsa bahor oylarida nihoyatda pishqirib oqadi. Suv sathi keskin ko‘tariladi. Maktabga qatnovchi o‘quvchilar, kundalik tashvishi bilan odamlar daryodan o‘tib- qaytishga majbur. Ko‘prik esa yo‘q. Qo‘lbola yog‘och ko‘prikni suv sathi ko‘tarilganda oqizib ketadi. Pasaygach yana o‘rnatiladi. So‘nggi oylardagi seryog‘in ob-havo bu tashvishlarni yanada orttirdi.
– Qiyin ahvolda farzandlarimiz maktabga, kelinlarimiz roddomga borishadi, shunday paytlari ularni gilamga solib o‘tkazamiz, – deydi Gulchehra Ostanaqulova. – Nabiralarimni yog‘och ko‘prikdan maktabga o‘tkazish uchun besh kilometrdan enib kelaman. Maktabdan qaytguncha kutib turaman. O‘qituvchilari o‘tkazib berishadi. Qo‘ni- qo‘shnilarnikini ham olib ketaman ba’zan. Xullas, har kuni xavotirda yashaymiz. Boshqa chora ham yo‘q. Daryodagi suv hamisha shunday oqadi.
Jajjigina o‘quvchilar “ko‘prik” oldida qaldirg‘ochday tizilib hadiksirab turishadi. O‘qituvchilar, ba’zan otasi yoki akasi navbatma-navbat o‘tkazib qo‘yishadi. Uzoq yillardan buyon hudud aholisini qiynab kelayotgan ko‘prik muammosi ortidan bir necha bor talofat ham bo‘lganini ta’kidlaydi aholi vakillari.
– Mana shu qo‘lbola ko‘prikdan o‘taman deb, bir necha nafar o‘quvchilar oqib ketdi, – deydi Abdurahmon Hasanov. – Shaxsan nabiram ham shu kuyga tushdi. Tan olish kerak, aholimiz aziyat chekmoqda. Yuqoridagi qishloqda ham huddi shunday holatlar yuz berdi. Dardimizni kimga aytamiz, yo‘qotish juda yomon. Maktabimizning sharoiti ham juda og‘ir. Masofa uzoq. Yo‘llarimiz ham abgor. Shaxsan o‘zim homilador kelinimni qo‘shni tumanga– onasinikiga olib borib qo‘ydim. Sababi, ko‘zi yoriydigan bo‘lsa, shifoxonaga yetkazib borishning imkoni yo‘q. Yo‘lning ahvolini ko‘rdingiz. Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan paytlarda haftalab tuman markazidan o‘zilib qolamiz. Hozir mana daryo yana pishqirib oqyapti. Ko‘prik yo‘q. Daryoning u tomonida ham 80 dan ziyod xo‘jalik bor, lekin o‘tib bo‘lmaydi. Har yili ahvol shunday.
Pishqirayotgan daryo ustidagi bu omonat yog‘och – “ko‘prik”. Shu yog‘ochdan o‘tib bolalar maktabga, odamlar u- bu yumushlar tufayli harakatlanishga majbur.
– Yo‘limiz abgorligi, daryodan o‘tish qiyinligi davomatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, – deydi Abduqodir Esonov. – Yuqoridan uchta qishloqdan 4-5 kilometr bosib bolalar keladi. Bu yerda o‘qituvchilar navbatchi bo‘lib turadi. Keyin bular yana yuqoridagi maktabga borishi kerak. Bu filial maktab ham hashar yo‘li bilan qurilgan. Bu ham juda nochor ahvolda. Ko‘p joylarga murojaat qildik, lekin hech natijasi bo‘lmayapti. Ko‘prik bo‘lsa, davomat yaxshi bo‘lardi. Ta’limga juda salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Dehqonobod tumanining Farovon mahallasiga qarashli Ko‘lqamish, Nayman qishloqlari aholisining har bir kuni shunday o‘tadi. Necha yillarki, odamlar daryoga qo‘lbola ko‘prik yasaydi, daryo uni oqizib ketaveradi.
– Haqiqatda ikkita qishlog‘imizda ko‘prik muammosi bor, – deydi “Farovon” MFY raisi Ilhom Toshboyev. – Bu bo‘yicha tumandagi tegishli mas’ullarga bildirganmiz. Kelib o‘rganib ketishgan. Amaliy yordam qilamiz deyishgan. Bitta ko‘prikka ehtiyojimiz bor. Maktab o‘quvilari ham, aholimiz ham qiynalmoqda. Buning ustiga yil seryog‘in kelib, daryo sathi ko‘tarilgan paytda o‘tishga qiynalamiz. Yo‘limiz ham muammoli. Har yomg‘irda sel kelib buzilib ketadi. 2 ming nafardan ziyod aholimiz bor. Aholining e’tirozi o‘rinli.
Daryodan o‘tish muammosi tufayli o‘quvchilar vaqtida maktabga kela olmaydi. Yomg‘ir yog‘ib, daryo suvi toshgan paytda kelmay ham qo‘yaveradi. To‘g‘rirog‘i, ota-onalari xavotirlanib, yuborishmaydi.
– Bu yog‘och ko‘prikdan uzoq hududdan kelgan o‘quvchilarimiz ham o‘tadi. Asosiy maktab bilan filial orasida 3 kilometr masofa bor, – deydi 49-maktab direktori Abdiqahhor Xolmatov. – Asosiy maktab yuqoridagi Nayman qishlog‘ida joylashgan. Muammomiz ko‘prik va yo‘l. Zamonaviy tipdagi, bolalarning xavfsizligini ta’minlaydigan yangi ko‘rinishdagi ko‘prikka judayam muhtojmiz. O‘quvchilarimizning asosiy 70 foizi daryoning narigi tomonidan keladi. O‘qituvchilar ham. O‘quvchilarning xavfsizligi uchun jamoa bilan kelishib, navbatchilik tashkil qilganmiz. Grafik asosida biriktirilgan o‘qituvchilar yog‘och ko‘prikdan bolalarni o‘tkazib qo‘yishadi. Har kuni shu tartibda ishlaymiz. Daryo suvi ko‘tarilgan paytda maktabda davomat masalasi juda tushib ketadi. Boisi yog‘och ko‘prikdan o‘tish nihoyatda tahlikali bo‘lib qoladi.
Pishqirib oqayotgan daryo va unga omonatgina o‘rnatilgan qo‘lbola ko‘prik. Bolasining maktabga borishi va qaytishini kutib, yurak hovuchlab kun o‘tkazayotgan ota-onalar. Ha, Ko‘lqamishda bugungi manzara shunday.
Xo‘sh, Ko‘lqamishlik o‘quvchilar qachon maktabga xavotirsiz va xavfsiz qatnaydi? Tuman hokimligida bunga yechim bormi? Shu savollar bilan tuman hokimligi mas’ullariga murojaat qildik.
– Joriy yilning 17-19-may kunlari tumanimizda kuchli yomg‘ir kuzatilgani sababli, daryolardan sel keldi, – deydi Dehqonobod tumanining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherdil Ergashev. – Buning natijasida bir qancha mahallalarda, jumladan, Farovon mahallasida ham aholi qo‘l kuchi bilan qilingan ko‘priklarni sel olib ketdi. Tuman hokimligida tashkil qilingan ishchi guruh joyiga borib ushbu muammolarni o‘rgangan. Haqiqatdan hozirgi kunda aholi va maktab o‘quvchilarining daryodan o‘tish masalasi muammoga aylangan. Ishchi guruh xulosasiga ko‘ra, ko‘prik qilib berish zarur deb hisoblangan. Faqat moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritilgandan so‘ng loyiha- smetaga asosan qurilish ishlari amalga oshiriladi.
Mas’ulning izohi bizni qoniqtirmadi. Chunki tuman hokimligida haliberi Ko‘lqamishdagi ko‘prik muammosini yechish borasida aniq-tiniq reja yoki loyihaning o‘zi yo‘q. Ammo Ko‘lqamishga ko‘prik kerak mas’ullar. Har holda bugungi o‘rganishlarimiz va kuzatishlarimiz davomida shunga amin bo‘ldik. Hech bo‘lmaganda kelajak avlod uchun shu savobli ishni tez fursatda amalga oshirish kerak.
Mavzuga yana qaytamiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/xcfdx30YrgM?si=inr6C5YL486qsZ-o" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari