Kollej bitiruvchilariga ish tayin
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini yanada oshirish, kollej bitiruvchilari bandligini ta’minlashga Toshkent viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini yanada oshirish, kollej bitiruvchilari bandligini ta’minlashga Toshkent viloyatida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish va yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, kasb-hunar kollejlarida ta’lim sifatini oshirish maqsadida markaz huzurida maxsus metodik xizmat tashkil etilgan. Markaz xodimlari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida bo‘lib, ularning faoliyatini tahlil etadi, ta’lim va turli tarmoq standartlariga rioya etilishini nazorat qiladi. O‘quv rejalarini monitoring qiladi, barcha zarur asbob-uskunalar, o‘quv qo‘llanmalari, darslik va boshqa o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganini tekshiradi. Ta’lim jarayoni samaradorligi va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashga qay darajada yo‘naltirilganligini baholaydi, kasb-hunar kollejlari rahbariyatiga “o‘qitish – ishlab chiqarish” tamoyili bo‘yicha uzluksiz tizimni yaratish maqsadida korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘z tavsiya va takliflarini beradi.
Joriy yilda Toshkent viloyatidagi 122 kasb-hunar kollejini 37 mingdan ziyod yigit-qiz 106 mutaxassislik bo‘yicha tamomlaydi. Bitiruvchilar 2014-2015 o‘quv yili davomida 15 mingdan ziyod korxona va tashkilotda amaliyot o‘tagan bo‘lsa, ularning qariyb 99 foizi bilan uch tomonlama shartnoma imzolangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Olmaliq shahridagi mavjud oltita kasb-hunar kollejini 3 mingdan ziyod yigit-qiz bitiradi. Ularning 2 ming 900 nafari shahardagi korxona va tashkilotlarda o‘zlari egallagan mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashmoqda.
Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, ish beruvchi korxona va tashkilotlar, tijorat banklari vakillari hamda ota-onalar ishtirokida o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar xususida so‘z yuritilmoqda. Tumandagi korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berilib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan bitiruvchilarga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilishi, bu boradagi tartib-qoidalar tushuntirilayotir.
Ekspertlarning fikricha, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘tkazish yuzlab yigit-qizlarni ish bilan ta’minlashga yordam bermoqda.
– Biz ham bor e’tiborimizni kollej o‘quvchilarining yuqori salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishi va bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga qaratmoqdamiz, – deydi Olmaliq konchilik kasb-hunar kollejining direktori Gulchehra Egamnazarova. – Bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida 2014-2015 o‘quv yili davomida yigirmaga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Korxona va tashkilotlarni turdosh kollejlarga biriktirish, bitiruvchilarning ishlab chiqarish amaliyoti va keyinchalik ishga joylashuvini ta’minlash maqsadida “kollej-korxona” hamkorligi yo‘lga qo‘yilgani yoshlarni ishlab chiqarish o‘quv amaliyotiga jalb etish hamda ularning bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Olmaliq konchilik kasb-hunar kollejini bu yil 743 o‘g‘il-qiz bitirmoqda. O‘n mutaxassislik bo‘yicha o‘qishni tamomlayotgan bu yoshlarning asosiy qismi ishga kirish uchun uch tomonlama shartnoma imzolagan.
– Shahrimizdagi kon-metallurgiya kombinatiga qarashli korxonalardan birida amaliyot o‘tab, yetarlicha ko‘nikmaga ega bo‘ldim, – deydi mazkur kollej bitiruvchisi Husnora Mustafoqulova. – Uyimizga yaqin korxonada mehnat qilish menga har jihatdan ma’qul. Shuning uchun ham bu yerda ishlash uchun shartnoma tuzdim.