Ko‘kdala IIBsi yangi binoda faoliyat boshladi
Leytenant Fazliddin Berdiyevning Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhida surishtiruvchi lavozimida faoliyat boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Tuman markazida yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan Ichki ishlar bo‘limi binosi uning faoliyatida muhim yangilik bo‘ldi. Yangi xodim bo‘lsa-da, zamonaviy jihozlangan shinam va yorug‘ xonada faoliyatini davom ettirmoqda.
– IIV akademiyasini tamomlab kelgandan so‘ng birinchi ish boshlagan joyim yangi tashkil etilgan Ko‘kdala tuman IIB huzuridagi tergov guruhi bo‘ldi, – deydi Fazliddin Berdiyev. – Dastlab faoliyatimni boshlaganimda binolarimiz turli joylarda edi. Tergov bo‘limi alohida, jinoyat qidiruv alohida, migratsiya yana boshqa joyda. Bu esa ish samaradorligiga salbiy ta’sir etayotgan edi. Mana yangi binoda ishni boshladik.
Barcha sharoit yaratilgan. Har bir xodimga alohida xona va kompyuter jihozlari ajratilgan. Albatta, bu imkoniyat va qulayliklardan foydalangan holda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga harakat qilamiz. Xalqning dardiga darmon bo‘lishni o‘z maqsadimiz qilib belgilab olganmiz.
Tuman IIB binosining tantanali ochilish marosimi bayramona ko‘rinish oldi. Unda ishtirok etgan viloyat hokimi M.Azimov, viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Abduvohid Ismoilov, sektor rahbarlari va keng jamoatchilik vakillari yangi bino va yaratilgan qulayliklar bilan tizim xodimlarini qutladi.
Ta’kidlash lozimki, ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan hamkorligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar natijasida ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolarning ishonchli himoyachisi sifatida shakllanmoqda.
Mamlakatimizda sharafli va ayni paytda mas’uliyatli kasbning nufuzini oshirish maqsadida Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan bir qator qarorlar qabul qilindi. Unda ichki ishlar organlarining moddiy- texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarga munosib xizmat sharoitlarini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-15969]
Xususan, 186 ming nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatuvchi ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat burchlarini sharaf bilan ado etishi uchun barcha sharoit yaratilgan Ko‘kdala tumani ichki ishlar bo‘limining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 apreldagi tegishli qarori bilan Qashqadaryo viloyati tarkibida Ko‘kdala tumani tashkil etildi. Mazkur kundan boshlab tuman hududida ko‘plab bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ajratilgan 16 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan uch qavatli muhtasham binoda ochiq sport maydoni, kutubxona va xizmat xonalari qurilib, ular barcha zaruriy jihozlar bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, Probatsiya hamda boshqa bo‘limlar uchun ham keng va yorug‘ bo‘lgan barcha qulaylikka ega xonalar ajratildi.
Ushbu yaratilgan shart-sharoitlarning barchasi jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlab, hududda jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining barvaqt oldini olish, ularni tez fursatlarda fosh etishga, shuningdek, xodimlarning siyosiy, ma’rifiy va jangovar tayyorgarligini hamda ularning ish samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari