Ko‘hna va boqiy Buxoroga sayohat
Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumani xotin-qizlar yetakchilari, nuroniylar, ta’lim va tibbiyot muassasalari xodimlari, mahalla faollari, hokim yordamchilari va faollari Buxoroga sayohat uchun tashrif buyurdi.
Xo‘jayliliklar o‘z sayohatlarini “Bahouddin Naqshband” majmuasini ziyorat qilishdan boshladi. Mehmonlarga Bahouddin Naqshbandning hayoti, islom dini rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mehmonlarga ushbu manzilda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, tarixiy yodgorliklar, xususan, “Toqi Miyona” darvozasining nafaqat respublikamiz hududlaridan, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlardan har yili tashrif buyurayotgan minglab sayyohlar uchun ham e’tiborga sazovor joyga aylanganligi ta’kidlandi.

Mehmonlar kun davomida Buxoroning tarixiy-madaniy yodgorliklari xususan, qadimiy Labi Xovuz ansambli, qadimiy toqlar, Poyi Kalon majmuasi qolaversa, Buxoroning eski shahar qismini hayrat va havas bilan tomosha qildi.

Hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalaridagi qizg‘in ish jarayoni mehmonlarda qiziqish uyg‘otdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.