Ko‘hna Buxoroda mustaqillik tantanasi
Buxoroning Ark qo‘rg‘onida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangradi. Bayram tadbirini viloyat hokimi Botir Zaripov tabrik so‘zi bilan ochdi.
–Jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgani va mustaqil taraqqiyot yo‘lini boshlaganiga 31 yil to‘lmoqda, – dedi Botir Zaripov. – Istiqlol el-yurtimiz uchun o‘z taqdirining haqiqiy egasi bo‘lib, qadr-qimmatini anglab, munosib hayot kechirish, yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish imkoniyatini yaratdi. Ayni paytda u har bir odamning iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda iste’dod va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishining mustahkam zaminidir. Mustaqillik yillarida ko‘hna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, muqaddas dinimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. bugungi kunda mehr-oqibat, bag‘rikenglik hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi yuragimizning tub-tubidan o‘rin oldi.
[gallery-8572]
Mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligini nishonlash arafasida, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tilgan murakkab yo‘limizga yana bir bor nazar tashlash, mustaqil taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlar, erishgan natijalarni xolisona baholash va ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilik, butun xalqimizning ongi shuuriga yetkazish maqsadga muvofiqdir.
Darhaqiqat, istiqlol tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qilish imkoni ochildi. Ozodlik bois bizni jahon tanidi, xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning g‘ayrati, azmu shijoati ila vatanimizning shon-shuhrati olam uzra yanada kengroq yoyilmoqda. Hurriyat bergan beqiyos imkoniyatlar negizida ertangi kunimiz – erkin va farovon kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etmoqdamiz.
Yangi O‘zbekistonning so‘nggi barqaror rivojlanish yillarida Prezidentimiz rahbarligida mard va matonatli xalqimiz tomonidan tarixan qisqa davrda amalga oshirilgan ishlar tufayli shahar va qishloqlarimiz, butun mamlakatimizning qiyofasi tobora ochilib, obodlikka yuz tutdi, aholining hayot darajasi va sifati yuksaldi, jonajon O‘zbekistonimiz zamonaviy davlatlar qatoriga kirib bordi.
Bu fikrning yaqqol tasdig‘ini birgina Buxoro viloyatining iqtisodiy, ijtimoiy, madaniyat, sport va boshqa sohalarda erishgan yutuqlari misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyatda turli sohalarni o‘zida qamrab olgan dasturlar asosida aniq maqsadlar yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida yalpi hududiy mahsulot o‘sishi 104,1 foizni tashkil etdi.
Sanoatni rivojlantirish, uning salohiyatini oshirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tufayli qariyb 12 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Eksport salohiyati ham yildan yilga oshmoqda. Qayd etilganidek, joriy yilning dastlabki sakkiz oyida hududiy korxonalar tomonidan xorijga 150 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilingan.
– Prezidentimiz tomonidan 2022 yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan biz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lgan aholining hayot darajasi va sifatini yuksaltirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi viloyat rahbari. –Ayniqsa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari eng chekka hududlarga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda. Odamlarning fikri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda, qishloqda turmush madaniyati oshmoqda.
Butun mamlakatni qamrab olgan mazkur dasturlar doirasida viloyatda 22 ta qishloq hamda 4 ta mahallada qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda. Qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun ayni vaqtga qadar 235 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Buxoro viloyati hududidan o‘tuvchi umumfoydalanuvdagi hamda ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarida 250 milliard so‘mlik qayta qurish ishlari olib borildi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 72 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Aholining zamonaviy uy-joyga bo‘lgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida 75 ta ko‘p qavatli turar joy foydalanishga topshirildi.
Qishloq xo‘jaligida islohotlar izchil amalga oshirilishi, “daladan tayyor mahsulotgacha” tamoyilini ilgari surgan klaster tizimining joriy etilishi natijasida davlatga don sotish shartnomaviy rejasi oshirib bajarildi. Paxtakorlar ham yuqori marrani ko‘zlagan holda barakali mehnat qilmoqda. Pillachilik, chorvachilik, parrandachilik, issiqxona xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, polizchilik va qishloq xo‘jaligini boshqa sohalarida ham sezilarli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
– Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar ming-minglab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda, – dedi viloyat rahbari. –Hech shubhasiz, hayotda mana shunday quvonchli voqealar yuz berganda insonning qaddi ham, qadri ham ko‘tariladi. Bunday damlarda adolat haqida gapirmasangiz ham odamlar haqiqat va adolat borligiga ishonadi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatda 4 ta maktab, 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurildi. Shuningdek, 39 ta maktab, 22 bog‘cha ta’mirlandi. Sohada nodavlat sektorni jalb etish borasidagi amaliy harakatlar natijasida 2 ta oliy, 14 ta o‘rta, 39 ta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishidagi ishlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ta’mirlash ishlarini olib borish maqsadida mahalliy byudjetdan qo‘shimcha 18 milliard so‘m mablag‘lar ajratildi. Yangi tibbiyot muassasalarini qurish, ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash doirasida 2022 yil Investitsiya dasturi asosida 8 ta hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 17 ta tibbiyot muassasalarida umumiy qiymati 76 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
2022 yilning yakuniga qadar viloyatdagi 60 ta mahallada tibbiyot punktlari va 60 ta optimizatsiya qilingan sobiq qishloq vrachlik punktlari qayta tashkil etiladi.
–Albatta, bu ishlarning barchasi Mustaqilligimizning 31 yilligida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi naqadar xalqimiz hayotida o‘z aksini topib borayotganligining amaliy ifodasidir, – dedi Botir Zaripov.
Bayram tantanasi yosh ijrochilar, respublika va viloyat san’at ustalarining katta gala-konserti va teatrlashtirilgan tomoshasi bilan davom etdi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA