Ko‘chatlar yetishtirish katta daromad keltiradi
Andijon viloyati Izboskan tumani Botirobod mahallasi aholisi gul, manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari yetishtirish ortidan katta daromad olish hadisini olgan.
Ayni kunda Botirobod mahallasidagi 640 xonadonda 4 ming 200 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahallani rivojlantirishning asosiy drayveri issiqxona xo‘jaligi, gulchilik, ko‘chatchilik yo‘nalishlari hisoblanadi.
– Mahallamizda gulchilik va ko‘chatchilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, shu orqali oilalar daromadini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Botirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Umidaxon Qambarova. – Joriy yil boshida mahallamizda 67 nafar ishsiz ayol qayd etilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ularning barchasi ish bilan ta’minlandi. Xususan, 3 nafar ehtiyojmand ayolga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi, 56 nafar xotin-qiz mahalladagi “beshlik” sa’yi-harakati bilan turli idora va korxonalarga ishga joylashtirildi, 17 nafar ayolga dehqonchilik qilish uchun 15 sotixdan yer ajratildi. Qolgan ayollar esa mahallada ish olib borayotgan gulchilarga biriktirildi.
–Menga subsidiya asosida 1 sotix maydonga issiqxona qurib berildi, – deydi mahallaning Mangulik ko‘chasida yashovchi Yorqinoy Umarova. –Mahallamizda uzoq yillardan buyon gul ko‘chatlari yetishtirilayotgan xonadondan ish o‘rganib, men ham issiqxonada gul ko‘chati yetishtirish bilan shug‘ullanyapman. Menga ish o‘rgatishdi, tayyor gul ko‘chatlarini esa o‘sha xonadon o‘zi sotib oladi. Ochig‘i, qisqa muddatda shu ish ortidan mustaqil daromad topish imkoniga ega bo‘ldim.
Mahallada 400 ga yaqin xonadon manzarali, mevali va gul ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Umuman, mahallada ko‘chatchilik va gulchilik bo‘yicha tajriba maktabi yaratilgan.
–Butun oilamiz bilan 15 yildan buyon gul va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanamiz, – deydi Botirobod mahallasi Mangulik ko‘chasida yashovchi Sharifjon Ahmedov. – Avval xonadonimizda ish olib borgan bo‘lsak, keyinchalik bizga 50 sotix yer ajratib berildi. Ana shu yerda ham issiqona qurib, ishimizni kengaytirdik. Hozir pavloniya, 20 dan ortiq turdagi gul va archa ko‘chatlarini yetishtiramiz. Bu ishga mahalladagi ishsiz kishilarni ham jalb etganmiz. Buning ortidan ular ish o‘rganishadi, daromad olishadi. Xonadonimizda ishlaganlarning ko‘pchiligi keyinchalik gulchilik bilan mustaqil shug‘ullanishni yo‘lga qo‘yishgan.
Mahalladagi qaysi bir xonadonga kirmang, turfa, bir-biridan go‘zal gul va manzarali daraxt ko‘chatlarini ko‘rib bahri-dilingiz yayraydi, qo‘li gul, o‘z ishining mirishkorlariga tasannolar aytasiz.
– Gul ko‘chatlari yetishtirish nozik, mashaqqatli, lekin serdaromad ish, – deydi mahalladagi barcha gulchilarning ustozi, mehnat faxriysi Azamjon Kamoljonov. – Gul ko‘chatlari mavsumga qarab yetishtiriladi. Turli ko‘chatlarga turlicha ishlov beriladi, parvarishlanadi. Bu ishni yaxshi bilmagan kishi, yaxshi natijaga erisha olmaydi. Shu bois, ushbu ish bilan shug‘ullanishni istaganlar sohaning o‘ziga xos, nozik jihatlarini puxta o‘zlashtirishi muhimdir. Shundagina u bu ish ortidan katta daromad topa oladi.
[gallery-15265]
Bugun Botirobod mahallasida gulchilik, ko‘chatchilik ortidan katta daromad topayotgan oilalar juda ko‘p.
Mahallada yetishtirilayotgan gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari nafaqat Andijon, balki respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan xaridorlar tomonidan sotib olinadi. Bundan tashqari, ko‘chatlar qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga ham eksport qilinadi.
Bugungi qish kunlarida ham mahalladagi issiqxonalarda ish qizg‘in. Gul ko‘chatlaridan tashqari, mirishkorlar mandarin, banan yetishtirishni ham yo‘lga qo‘yishgan.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari