Ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi
Andijon shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish aksiyasi o‘tkazildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida ko‘chat ekish, yashil hududlar barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Andijon shahrida loyiha doirasida bahor mavsumida ko‘chat ekish ishlari boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan aksiya ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Sektor rahbarlari, korxona, tashkilot va muassasalar vakillari, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar ishtirokida aksiya ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqdi. Unda ko‘chat ekish, bog‘lar, yashil hududlar barpo etish xalqimizning ezgu va xayrli ishlaridan biri, qolaversa, bu boradagi ishlarni o‘z vaqtida, sifatli amalga oshirish, ushbu jarayonda har bir fuqaroning faol ishtirok etishi muhim ekanligini ta’kidladi.
Shu kuni Andijon shahridagi 78 ta mahallaga ekish uchun 15,5 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari tarqatib berildi, zarur texnika vositalari jalb etildi.
Andijon shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida 280,5 ming tup 30 dan ortiq turdagi mevali va manzarali daraxt, gul va buta ko‘chatlari ekilishi belgilangan.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari