KOʻNGIL KECHINMALARI: Singlim bilan suhbat
...Aka, avvallari sizni sogʻinsam, u yer bu yerda oʻtirib yigʻlab olar edim.
...Aka, avvallari sizni sogʻinsam, u yer bu yerda oʻtirib yigʻlab olar edim. Endi bolalarim katta boʻlgani uchunmi yoki diydam qotdimi, har tugul, avvalgiday koʻp yigʻlamaydigan boʻldim. Bolaligimizda siz bilan qilgan orzularim esimdan chiqqan. Qoʻlim dutorga bir marta ham tegmay qadoq boʻldi. Hali paxta deymiz, hali pilla... Umr oʻtayapti. Dalaning ishlari koʻnglimni ham qotirib tashladimi deb oʻylab qolaman gohida. Lekin shu bugun qurtlarimga qarab, bir ahvol boʻldim. Bostiraman deyapman, hozir kamida toʻrt-besh marta barg solishim kerak. Kecha ham qarovim yaxshi boʻlmagan edi, och qoldi hisob. Katta-katta boʻlib, oʻramga kirgan. Toʻkilganlarini tera-tara yigʻladim. Bolalar barg qidirib, qoʻshni tumanning biqinigacha borib kelishdi. Barg yoʻq. Shu atrofda borini olib bermayapti bu fermer. Qurt berishda yalingan yangiboy barg topishga kelganida qorasini ham koʻrsatmaydi.
Kecha yoʻlda koʻrib qoldim. Mashinadan tushmaydi ham. Ha-aa-a, deydi oʻtirgan joyida. Boy-da. Otasidan koʻp pul qolgan. Lekin baribir, enam aytgan gap – gap: hech bir ota-ona bolalariga yaxshi tarbiyadan ortiq meros qoldirolmas ekan. Mayli, aka, buni oʻylamang. Pillamni bir amallab bostirib olaman. Yonidagi fermerdan iltimos qildim: opa, faqat bitta tutni urib olsin, bolalar tutpoyaga kirganini koʻrib qolishsa, janjal koʻtariladi, oʻzimizga ham kerak, dedi... Shu kunlarda xursandman. Prezidentning qarori chiqibdi-ku, endi oʻn yil pilla boqqanlarni ham pensiyaga chiqarar ekan. Yigirma yilga yaqin paxta chopib, pilla boqdim, shular ham oʻtsaydi. Mayli, shunisigayam ming rahmat. Yana oʻn yil bemalol boqib beraman. Bolalar yonimga kirib qoldi (sekin pichirlaydi: kuyovingiz ham ichishni tashlagan, koʻz tegmasin).
Singlim gapirarkan, xayolimda azaliy manzaralar jonlanadi:
Uni paxtazor ichida, quyoshdan yuzini toʻsib oʻragan roʻmolda tasavvur qilaman. U paxta chopiq qilayapti.
Kun zavolga kelgan payt, dala oʻrtasida qandaydir qora koʻrinadi: u somon yigʻayapti.
Tongmi yoki talosh mahalimi – anglash qiyin, mis paqirga sutning jizillab urishi eshitiladi: u sigir sogʻayapti.
Yashaydigan uyining deyarli hamma xonasida pilla bor. Kirsangiz, ayniqsa pilla bostirar mahaldagi tanish xushboʻy hid dimogʻingizga gupillab uriladi. Oʻsha xonalarning birida ikki oʻspirin polning u yer, bu yeriga toʻkilgan katta-katta qurtlarni terayapti. Singlim esa deraza raxida yigʻlab oʻtiribdi.
Osmon bulutlardan xalos boʻlgan quyoshli kun. Choshgoh. U qoʻshnilarini yigʻib, pilla terayapti...
Men tinib-tinchimaydigan mehnatkash, pokdomon singlimning timsolida shu yurtning jafokash ayollarini koʻraman.
Xayolimda Mirtemirning oʻzbek ayoli haqida aytgan shoh satri aylanadi:
“Sensiz Oʻzbekiston Oʻzbekistonmas, Tosh bu!”