Klaster farovonlikka xizmat qiladi
Sir emaski, qishloq ho‘jaligi aholini oziq-ovqat mahsulotlari va ish bilan ta’minlashda yetakchi sohalardan biridir.
Shuning uchun ham respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, mehnatni tashkil etishning ilg‘or usullari joriy etilayotir. Xususan, paxta, g‘alla va boshqa ziroatlar yetishtiriladigan dalalarning meliorativ holatini yaxshilash, hosildorlikni oshirish hisobiga dehqonlarning turmushini farovonlashtirishda klaster tashkilotlarining afzal jihatlari namoyon bo‘layapti. 2019 yil oxirlarida Surxondaryoda tashkil etilgan “Indenim klaster” MCHJ jamoasi dastlab Termiz shahrida “Zif tekstil” korxonasini ochib, Termiz tumani hamda Termiz shahrida yashovchi 500 nafar xotin-qizni ishli qilishdi. Dunyoning Xitoy, Turkiya kabi rivojlangan davlatlaridan keltirilgan umumiy qiymati 10 million dollarga teng zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan korxonada bolalar uchun trikotaj kiyim-kechaklar tayyorlana boshladi. Ustoz-shogird an’anasi yo‘lga qo‘yilgan korxonada qisqa fursatda mohir va tajribali tikuvchilar safi kengaydi. Bugun korxona sexlarida mehnat qilayotgan 1200 nafar xotin-qiz 180 xildagi bolalar, kattalar va ayollarga mo‘ljallangan trikotaj buyumlari tayyorlashayapti.

Shuni aytish kerakki, korxona sexlarida ishlab chiqarilayotgan sifatli, bejirim va xaridorgir trikotaj buyumlari klaster tasarrufidagi Termiz shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Indenim” super marketi rastalarida sotilayapti.
Bundan tashqari, klaster jamoasi o‘tgan yili Termiz tumanida 2216 gektar maydonda g‘o‘za o‘stirgan fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi tuzib, dehkonlarga har tomonlama ko‘maklashishdi va yetishtirilgan paxtani qabul qilib olib, klaster tarkibidagi “Muzrabot paxta” MCHJ sexlarida qayta ishlashdi. Xomashyoni qayta ishlashdan olingan chigit tegishli tashkilotlarga sotilgan bo‘lsa, toladan esa Termiz shahridagi “Amudaryo tekstil” hamda Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Nor tekstil” MCHJ korxonalarida kalava ip tayyorlandi. Klaster tashkiloti tarkibidagi ushbu korxonalarda hozir 1100 nafar kishi bandligi ta’minlangan.
Klaster jamoasi faoliyatini tobora kengaytirmoqda va ish o‘rinlarini ko‘paytirmoqda. Ayonki, oxirgi yillarda viloyatning Muzrabot va Sho‘rchi tumanilari dalalarida hosildorlik pasayib, paxta yetishtirish salmog‘i kamayib borayapti. Shuning uchun joriy yilda klaster tashkiloti yuqorida nomlari aytilgan tumanlardan 14,1 ming gektar maydonda paxta yetishtirish bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklari bilan fyuchers shartnomasi asosida ishlaydi. Ayni paytda klaster bilan shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklari a’zolari dalalarini bahorgi chigit ekishga puxta hozirlashayapti. “Indenim klaster” MCHJ jamoasi esa dehkonlarni texnika, yoqilg‘i-moylov materiallari bilan ta’minlab, dalalarni chigit ekishga tayyorlashga ko‘maklashapti.
-Ayni paytda klaster tashkilotimiz tizimidagi korxonalarda mehnat qilayotgan yoshlar va xotin-qizlar mehnatlariga yarasha rag‘batlantirilayapti. Jumladan, “Zif tekstil” korxonamizda ishlayotganlar issiq ovqat bilan ta’minlangan, ishga kelish va uylariga eltib qo‘yish uchun avtobuslar ajratilgan. Joriy yilda klaster tashkilotidagi barcha sohalarda ishchi-xizmatchilar soni 5 ming nafarga yetkaziladi, - deydi klaster tashkiloti rahbari Mansur O‘tashev. – Bu yil ayniqsa biz bilan shartnoma asosida ishlaydigan fermer xo‘jaliklariga qulay sharoitlar yaratib berish, manfaatdorliklarini oshirish, bir so‘z bilan aytganda dehqonlarning turmushlarini farovonlashtirish uchun barcha imkoniyatlarimiz safarbar etamiz.
Darvoqe, Surxondaryoda qaysi sohada klaster tizimi joriy etilgan bo‘lsa, barchasida qisqa fursatda katta o‘zgarishlar qilinayotgani hammaga ravshan. Shubhasiz joriy yilda klaster tashkiloti bilan fyuchers shartnomasi asosida ishlaydigan Muzrabot va Sho‘rchi tumanlari dehqonlarining ham kosasi oqaradi.
O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat
Kengashi matbuot xizmati