Kitobdan yaxshi yor bo‘lmas
Xususan, nashr etilayotgan yangi kitoblarni targ‘ib etish, ularni aholiga yetkazish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.
Jamiyat hayotida xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu-tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, nashr etilayotgan yangi kitoblarni targ‘ib etish, ularni aholiga yetkazish borasida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida “Adolat” huquqiy axborot markazi tomonidan so‘nggi yillarda nashr etilgan huquqiy mavzusidagi adabiyotlar va jahon adabiyotining sara asarlari jamlangan kitoblar ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada 200 dan ortiq turdagi kitoblar jumladan, O‘zbekiston Respublikasi kodekslari va ularga yozilgan sharhlar jamlangan to‘plamlar, oxirgi paytlarda qabul qilingan qonunlar kiritilgan kitoblar namoyish etildi.
Nargiza ShARIPOVA, Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi:
– Bugungi kitob ko‘rgazmasining tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Kuni kecha Sudyalar oliy kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist, qadrli ustozimiz Ubaydulla Mingboev Oliy sudda butun mamlakatimiz sudyalari va sud tizimi xodimlariga qilgan murojaatlarida bu masalaga alohida to‘xtalib, yuksak ma’naviyatli bo‘lish vositalaridan eng maqbuli – kitobxonlik ekanligini, kimki, kitobni ko‘p mutolaa qilsa, hayot haqiqatlarini teran anglashini, kitobxon vijdoniga quloq tutib, faqat adolat tomonda turishini shuni inobatga olib, butun sud tizimida haftaning bir kunini “KITOBXONLIK KUNI” deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu juda o‘rinli taklif bo‘ldi.
Men o‘ylaymanki, barcha sudya va sud idoralarida xizmat qiladigan xodimlarning shaxsiy kutubxonasi bo‘lishi shart. Bugungi ko‘rgazmadan men ham o‘zimning shaxsiy kutubxonam uchun bir nechta kitob sotib oldim.
Shahboz Saidov