“Kitob almashish” yarmarkasi o‘tkazildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Kitob almashish” yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda kitob almashish an’analarini keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etilgan tadbirda institutning yosh xodimlari o‘zlari mutolaa qilib bo‘lgan badiiy, ilmiy-ommabop, huquqiy va boshqa yo‘nalishdagi kitoblarni o‘zaro almashdi.
Bu esa ishtirokchilarga yangi asarlar bilan tanishish, kitob fondini boyitish va kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish imkonini berdi.

Tadbirda bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sun’iy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotgani ta’kidlandi. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etildi.

Ta’kidlanganidek, yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat ta’lim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omil.

Shuningdek, mutaxassislarning qayd etishicha, yarmarka kitobsevarlarni bir maydonga jamlab, bilim va tajriba almashish, mutolaa madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA