Kino va teatr san’atining darg‘alari
Milliy kino va teatr san’atimizda O‘zbekiston xalq artistlari To‘g‘on Rejametov hamda Shirin Azizovaning o‘rni, hissasi o‘ziga xosdir.
O‘zbekiston davlat drama teatrida ushbu san’at darg‘alari ijodiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi hamda O‘zbekiston davlat drama teatri hamkorligida tashkil etildi.Tadbirda kino va teatr san’ati sohasining yetuk vakillari hamda To‘g‘on Rejametov va Shirin Azizovaning oila-a’zolari, farzandlari ham ishtirok etdi.

Milliy kinematografiyamizning eng sara namunalari To‘g‘on Rejametovning betakror rollari, unutilmas ijrosi bilan bog‘liqdir. Mukammallik, har bir qahramon obrazini puxta, maromiga yetkazib talqin etish, uning xarakterini to‘laqonli ochib berish O‘zbekiston xalq artisti To‘g‘on Rejametovning ijodida ustuvor o‘rin egallar edi. Ustoz san’atkor "Farhodning jasorati", "Vatan o‘g‘lonlari", "Chinor", "Abu Rayhon Beruniy", "Ikki dil dostoni" kabi o‘ttizdan ortiq filmlarda biri boshqasini takrorlamaydigan rollar yaratgan.
Ayniqsa, atoqli rejissyor Ravil Botirov tomonidan 1966 yili suratga olingan "26- otilmasin" filmidagi Said Islombek roli aktyorning ijodiy faoliyatida alohida o‘rin egallaydi. Kinoshunoslarning fikricha, To‘g‘on Rejametov o‘z Vataniga sodiq razvedkachi rolini "Bahorning o‘n yetti lahzasi" kartinasidagi Shtirlitsdan necha yillar avval g‘oyat mukammal tarzda yaratgan edi... Ustoz san’atkor ijrosidagi samimiyat, puxtalik, obraz xarakterini to‘laqonli ochib berish kabi jihatlari hozirgacha kino va teatr ijrochilari uchun ibrat maktabidir.

O‘zbekiston xalq artisti Shirin Azizova teatrda bir qator esda qolarli rollarni ijro etgan san’atkordir. Teatrshunoslarning fikricha, Azizova ijodiga lirik, dramatik rollar yaqin bo‘lib, obrazlari hayotiyligi, sahna nutqining mukammalligi bilan ajralib turadi. Shirin Azizovaning "Xolisxon" spektaklidagi Xolisxon roli, "Ishq qurbonlari"dagi Sora, "Maysaraning ishi" spektaklidagi Maysara va boshqa ko‘plab rollari shular jumlasidandir. Shu bilan birga ustoz san’atkor "Kelgindi kuyov", "Tangalik bolalar", "Bomba" va boshqa o‘nlab kinokartinalarda rollar ijro etgan.

Tadbirda atoqli san’atkorlarning ijod yo‘li haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, O‘zA